Muloqot davomida asosiy eʼtibor chekka va holati ogʻir boʻlgan hududlarga qaratilishi qayd etildi. Har bir sektordagi infratuzilmasi yaxshilanishga muhtoj bittadan mahallaga mavjud muammolarni qisman boʻlsa ham ijobiy hal etish maqsadida viloyat mahalliy byudjetidan 500 million soʻmdan mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bu pullardan samarali foydalanish sektor rahbarlari zimmasiga yuklatildi.

Viloyat rahbari tumandagi Xudoyberdiyev hududidagi fermer xoʻjaliklari faoliyati bilan tanishdi. Terimchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Barcha mehnatkashlarga viloyat byudjeti hisobidan olingan sovgʻalar ulashildi.

– Eng mazali taom – dala taomi. Lekin albatta unda goʻsht boʻlishi kerak, dedi viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqov terimchilar bilan muloqotda.