– Mana, hozir diyorimizda kuz fasli boshlandi. Hech kimga sir emas, ilgari kuz deganda avvalambor, paxta yigʻim-terim “kampaniyasi” koʻz oldimizga kelar edi.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million aholimiz, ayniqsa, bolalar paxta terimiga “ixtiyoriy-majburiy” safarbar etilardi.

Mana, uch-toʻrt yildan buyon oʻqituvchi va oʻquvchilar – maktabda, vrach – shifoxonada, olimlar – laboratoriyada, talabalar – auditoriyada oʻz mashgʻuloti va oʻz ishi bilan band boʻlmoqda.

Bunday natijaga toʻgʻri iqtisodiy siyosat yuritish, tadbirkor va dehqon uchun manfaatli boʻlgan samarali usullarni, jumladan, klaster va kooperatsiya tizimini joriy etish evaziga erishdik.

Muxtasar aytganda, bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda, butunlay yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va madaniy muhit yaratildi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.