Tashrif dasturi juda tigʻiz va mazmunan boy. Birinchi manzil - Oltiariq tumanidagi “Fayzli bogʻlar sari” uzumchilik kooperatsiyasi.
Oltiariqliklar dehqonchiligi, omilkorligi bilan tanilgan. Ularga yer berilsa, oʻzini ham, elini ham boy qiladi. Lekin, boshqa mahsulotlarga nisbatan daromadi kamligiga qaramay, bu tumanda ham paxta va gʻalla koʻp ekilar edi. Davlatimiz rahbarining qishloq xoʻjaligini tarkibiy oʻzgartirish, bozorbop ekinlar ekishga qaratilgan siyosati qoʻli gul dehqonlar va yoshlarga katta imkoniyat ochdi.
Prezident kelgan kooperatsiyaning 6 gektarlik tokzori oʻrnida ilgari paxtadan 20, gʻalladan 25 sentner hosil olinar edi. Oʻtgan yili bu yerda bogʻ yaratilib, “xusayni”, “kelin barmoq”, “rizamat” navli uzum koʻchatlari ekilgan. Qator oralarida pomidor, bodring, koʻkatlar, qalampir va boshqa sabzavotlar yetishtirilmoqda. Tomchilatib sugʻorish tizimi joriy qilingan.
Eng muhimi, bu maydon 51 nafar yoshga, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muxojirlariga ajratib berilgan. Ular plyonka ostiga sabzavotlar ekib, toʻrt martagacha hosil olishi mumkinligini aytishdi.
- Har bir yoshni ota-onasi qanday qaygʻursa, men ham shunday qaygʻuraman, - dedi Shavkat Mirziyoyev ular bilan suhbatda. - Yoshlarni tezroq ish bilan taʼminlash uchun katta imkoniyatlarimizdan biri hozircha shu. Hayotda oʻrnini topgan insonda oʻziga ishonch, intilish paydo boʻladi. Bugun yoshlarga daromad manbai yaratib, ish oʻrgatib, tetapoya qilsak, 2-3 yildan keyin hech kimga qaram boʻlmaydi - bankda hisob-raqami boʻladi, uy oladi, yaxshi yashaydi, bolalarini yaxshi tarbiyalaydi.
Prezident yoshlarga oʻqib-oʻrganib, faoliyatini yaxshilash boʻyicha maslahatlar berdi.
- Hayot - kurash, raqobat. Bu kurashda kim kuchli boʻladi? Aqlli, bilimli, mehnat qilgan. Bugun yoshlar davlatimizning eʼtiborini his etishi, koʻp oʻqib, kun sayin bilimini oshirib, rivojlanishda davom etishi kerak, - dedi davlatimiz rahbari.
Yerlarni ajratib berish orqali Fargʻona viloyatida 200 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
“Fayzli bogʻlar sari” uzumchilik kooperatsiyasining umumiy yer maydoni qariyb 130 gektar. Shundan 40 gektar maydonda tokzor, 90 gektar maydonda intensiv bogʻ barpo etilgan. 2 ming tonna sigʻimli muzlatkichli ombor, yuk mashinalari bor. Yetishtirilgan mahsulotlarning katta qismini eksport qilish rejalashtirilgan.
Shu yerda Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.