“Tashkent city”dagi “Congress Hall” majmuasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining oʻn birinchi syezdi davom etmoqda.
Partiyadan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev beshta strategik maqsaddan iborat saylovoldi dasturi bilan tanishtirmoqda.
Soʻnggi olti yilda ijtimoiy yordam koʻlami 5 barobar oshirilib, 2 milliondan ortiq oila qamrab olingani taʼkidlandi.Hozirgi kunda har bir ehtiyojmand oila budjet va “3 ta daftar” tizimi orqali moddiy yordam olmoqda. Bu maqsadlarga byudjetdan har yili ajratiladigan mablagʻni 18 trillion soʻmga yetkazilgani qayd etildi. Taʼkidlash lozim, 2016-yilda bu raqam 2,2 trillion soʻmni tashkil etgan.
Ijtimoiy taʼminotga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2,5 barobar koʻpaygan. (2016-yildagi 0,9 foizdan 2022-yilda 2,2 foizga).
– Lekin, ijtimoiy himoya faqat pul berish bilan cheklanib qolmoqda. Aslida, bu tizimning vazifasi aholini ogʻir ahvoldan chiqarish va jamiyatda oʻz oʻrnini egallashi uchun koʻmak berishdan iborat boʻlishi kerak. Misol uchun, bizda ogʻir vaziyatga tushgan 30 ta toifadagi 9 million aholi bor. Bular – nogironligi bor shaxslar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotganlar, oilada zoʻravonlikka uchragan ayollar. Shu bois, ijtimoiy xizmatlar sohasini butkul qayta koʻrib chiqamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.