Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taqdirlash marosimi ishtirokchilariga videomurojaat yoʻlladi.
Unda davlatimiz rahbari mukofotga sazovor boʻlgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyanni tabrikladi.
«Siyosiy yetakchilarning uzoq davom etgan mojaroni oqilona hal etish, tinchlikka erishish yoʻlidagi birgalikdagi saʼy-harakatlari, hech shubhasiz, ushbu nufuzli mukofotga haqli ravishda munosibdir», — dedi davlatimiz rahbari.
«Erishilgan kelishuv muammo yechimiga masʼuliyatli yondashuvning yorqin namunasi boʻlib, keng mintaqamizda barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi tarixiy qadam boʻldi.
Bugungi kunda faqat ahillik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash va yaqin doʻstlik orqali xalqlarimizning umumiy ravnaqi va farovonligini taʼminlash mumkin», — dedi Prezidentimiz marosim ishtirokchilariga murojaatda.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston har qanday nizo va ziddiyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, xalqaro huquq tamoyillari va yaxshi qoʻshnichilik asosida hal etish tarafdori ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyatining gumanitar tashabbuslarni faol ilgari surish, xalqaro maydonda muloqot madaniyatini izchil yuksaltirish borasidagi xizmatlarini alohida eʼtirof etildi.