Oʻzbekiston – Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.
2025-yilning may oyida Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi va qoʻshma korxonalarning soni barqaror oʻsib bormoqda. Hududlararo, shu jumladan, Lombardiya bilan almashinuvlar rivojlanmoqda. Oʻzbekiston fuqarolarining tartibli mehnat migratsiyasi uchun kvotalar ajratildi.
“Finopera”, “ANCI”, “Pietro Fiorentini”, “Danieli” va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda yirik sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yil oxirida Samarqandda Tushia universitetining filiali ochildi.
Joriy yilda tashqi siyosat idoralari strategik muloqoti va hukumatlararo komissiyaning yigʻilishlari, shuningdek, ikkinchi Rektorlar forumini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Toʻqimachilik sanoati, geologiya, energetika, kimyo, qurilish materiallari, moliya bozori va boshqa ustuvor sohalardagi qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Italiyada Oʻzbekiston, Oʻzbekistonda esa Italiya kinosi kunlarini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Oʻzbekistonning navbatdagi Venetsiya biyennalesida ishtirok etishi hamda bu yil Milanda amaliy sanʼat va muzey koʻrgazmalarini oʻtkazish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini Oʻzbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qildi.