Davlatimiz rahbari barcha dolzarb tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, ular bo‘yicha mutasaddilarga shu yerning o‘zida ko‘rsatmalar berdi.
- Forum davomida sizlar bilan suhbatlashgan vazirlar menga savollaringni, fikrlaringni aytib berdi. Davlat idoralari rahbarlari yoshlarning muammolarini ota-ona bo‘lib, yuragidan o‘tkazib, tizimli shug‘ullanmagani haqiqat. Endi hamma rahbarlar yoshlarning ovozini eshitadi, talablarini amalga oshiradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz forum davomida bildirilgan fikrlar har tomonlama tahlil qilinib, tegishli qarorlar qabul qilinishini ta’kidladi.
– Men sizlarga bir sirimni aytaman: hududlarga borganda ko‘proq yoshlar bilan uchrashishga, ular bilan gaplashishga harakat qilaman. Chunki men sizlarday ko‘zi yongan, yuragi yongan yoshlarni izlayman. Sizlar shunga munosibsizlar, – dedi Prezident.
Forumda “Humo Arena” saroyiga kelgan 3 ming 300, shuningdek, hududlardagi studiyalarda 26 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi.
– Bugun tarixiy uchrashuvimiz. Kelinglar, bu doimiy bo‘lib qolsin. Xalqimiz mehr ko‘zda degandek, bir-birimizga mehrimiz abadiy bo‘lsin, – deya so‘zini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.
Forum ishtirokchilarining mamlakatimiz yoshlariga murojaati qabul qilindi.
Ushbu forum, Prezident bilan muloqot mamlakatimiz yoshlariga ko‘tarinki ruh, unutilmas motivatsiya bag‘ishladi. Tadbir yakunidagi konsert katta bayram shodiyonasiga aylanib ketdi.