Maʼlumki, qoraqalpoq elining oʻziga xos baxshichilik yoʻnalishi bor. Mustaqillik yillarida bu yerda opera ham rivojlandi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq baxshilari, xizmat koʻrsatgan artistlar yetishib chiqdi.

Opera va baxshichilik maktab-internati ushbu anʼanani davom ettirish, yosh avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Mazkur ixtisoslashtirilgan taʼlim maskani oʻtgan oyda ishga tushirildi. Muassasa 150 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unga 9 sinfni bitirgan iqtidorli oʻquvchi yoshlar tanlov asosida qabul qilinadi. Hozirda 30 nafar oʻgʻil-qiz oʻqishni boshladi. Ularga taniqli sanʼat ustalari va pedagoglar saboq bermoqda.

– Bunday maktablarni tashkil etishimizdan asosiy maqsad – tariximizni, madaniyatimizni chuqur oʻrganish, oʻzligimizni anglash. Baxshichilik – qoraqalpoq elining ulugʻ anʼanasi, uni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.