Surxondaryo viloyatining shunday yoʻnalishlaridan biri - anorchilik. Ayniqsa, Sherobodning anorlari katta, mazali, hosildor boʻladi. Shu bois uning bozori chaqqon, dovrugʻi chet ellargacha ketgan. Bu tadbirkorlar uchun katta imkoniyat, aholi uchun daromad manbai boʻlayotir. Tumanda 48 ta mahallaning 33 tasi anor yetishtirishga ixtisoslashgan.
Shunday anorzorlardan biri “Sardorbek Sultonbek” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tumanning “Boʻston” mahallasida tashkil etilgan.
Prezident ushbu bogʻni koʻzdan kechirdi.
43 gektar yerda 30 ming donadan ziyod anor ekilgan. Qozoqi navli ushbu anorning bir donasi 1 kilogrammdan ziyod tosh bosishi mumkin. Koʻchatlar bu yildan hosilga kirdi. Yiliga jami ming tonnadan ziyod mahsulot olish moʻljallangan.
- Oʻtish davri - kurash davri. Hayotimizni oʻzgartirish, dunyo bozorida oʻrnimizni topish uchun kurashishimiz, manfaat beradigan ishni qilishimiz kerak. Asosiy maqsadimiz - oilalarning daromadini koʻpaytirish. Oʻzi mehnat qilib, natijaga erishgan oila barakali boʻladi, sogʻligʻiga qaraydi, farzandlarini yaxshi oʻqitadi. Bilimli bolalar kelajakda oʻz yoʻlini topib oladi, - dedi Prezident.
Shu yerda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali tadqiqotchilari bilan muloqot boʻldi.
- Bizda anorchilik boʻyicha anʼana bor, lekin ilm yoʻq, kitob yoʻq, laboratoriya yoʻq. Anor jaydari usulda yetishtirilyapti. Kasallikdan himoya qilishni hamma ham bilmaydi. Eng katta narsa - nav kerak. Keyin shu navni xonadonlarga kirgazish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Surxondaryoda qishloq xoʻjaligini innovatsion yoʻnaltirish boʻyicha institut tashkil etish, anor bilan birga limon, xurmo yetishtirishni koʻpaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari tumanning “Kattabogʻ” mahallasida anorchilik bilan shugʻullanayotgan Abdurahmon Karimov xonadonida ham boʻlib, aholi turmushi va tomorqalardan foydalanish holati bilan tanishdi. Mahalla ahli, nuroniylar bilan samimiy suhbat boʻldi.
Tumanda 5 mingdan ziyod aholi anor yetishtirish bilan shugʻullanib, undan katta daromad topayotgani aytildi.