Mamlakat hech qachon oʻz-oʻzidan rivojlanib qolmaydi. Ayniqsa, endigina mustaqillikka erishgan, barcha jabhada taraqqiyot sari intilayotgan davlatlarda jamiyatning umumiy saviyasi, insonlarning intellektual salohiyati, ayniqsa, ilmiy-ijodiy ziyolilarning saʼy-harakatlari, ijtimoiy faolligi alohida oʻrin tutadi.
Taniqli davlat va jamoat arbobi, sharqshunos olim, mohir pedagog va diplomat, iqtisodiyot fanlari doktori Rustam Sobirovich Qosimov (1955 — 2021) istiqlolning dastlabki yillaridan turli masʼul vazifa va lavozimlarda ishlab, taʼlim tizimini takomillashtirish, yuksak malakali kadrlar tayyorlash, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, diniy-maʼnaviy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, keksalar, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim davlat dasturlarini amalga oshirishda boy bilim va tajribasi, yuksak salohiyatini safarbar etgan edi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Rustam Sobirovichni hurmatlab, oʻzining eng yaqin koʻmakchisi, maslahatgoʻyi deb bilar edi.
Yaqinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu zakiy va donishmand insonning ibratli hayot yoʻli, samarali ijtimoiy va siyosiy faoliyati, betakror fazilatlari haqida zamondoshlari va yaqin doʻstlari, hamkasblari va shogirdlarining samimiy xotiralaridan iborat “Rustam Qosimov zamondoshlari xotirasida” kitobi nashrga tayyorlandi.
Quyida mazkur toʻplamdan oʻrin olgan yodnomalardan biri eʼtiboringizga havola etilmoqda.
Mashhur adib va tarjimon, ustozimiz Nosir Fozilovning umr shomida bitgan xotiralar kitobi “Eslasang, koʻngling yorishur” deb atalar edi. Adabiyot va sanʼatimizning nurli siymolarini yod etishga bagʻishlangan ushbu toʻplamni men ham katta eʼtibor va qiziqish bilan mutolaa qilgan, ayniqsa, uning oʻziga xos taʼsirli nomi qalbimda oʻchmas iz qoldirgan edi.
Bugun taniqli davlat arbobi, sharqshunos olim, mohir pedagog va diplomat Rustam Sobirovich Qosimov haqidagi xotira soʻzlarini bitar ekanman, yuqorida eslangan kitob nomidan ilhomlanib, yodnomaga shunday sarlavha qoʻyishni joiz, deb bildim.
Darhaqiqat, rahmatli Rustam aka el-yurt tinchligi va ravnaqi yoʻlida oʻzini ayamay, fidokorona xizmat qilgan samimiy va kamtarin inson, sadoqatli doʻst, mehribon ustoz sifatida u kishini tanigan, bilgan barcha odamning yuragidan chuqur oʻrin egallagan edi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida davlat boshqaruviga bu sohada muayyan tajribaga ega eski partiya va sovet xodimlari bilan birga ilmiy va ijodiy ziyolilarning koʻplab yosh namoyandalari ham jalb etildi. Kasb-kori, millati va tili, bilimi va qobiliyat darajasida muayyan tafovut boʻlsa-da, bu yosh kadrlarning barchasini milliy istiqlolga sadoqat, dunyo xaritasida yangi paydo boʻlgan mustaqil va suveren Oʻzbekiston Respublikasiga sidqidildan xizmat qilishdek yuksak orzu-intilish birlashtirib turardi. Ana shunday insonlar orasida oʻsha paytda Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida oʻqituvchi, dotsent va dekan, keyinchalik esa Toshkent davlat texnika universitetida biznesni boshqarish fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan Rustam Qosimov ham bor edi.
Garchi biz u kishi bilan universitetda bir davrda (1973-1978-yillarda) tahsil olgan boʻlsak ham fakultetlarimiz boshqa-boshqa boʻlgani uchun oʻzaro tanish emas edik. Men Rustam Sobirovichni oʻzim davlat xizmatiga kelgan 1993-yildan taniy boshladim.
Mamlakatimizning kelgusi taraqqiyoti uchun yangi avlod kadrlari — mustaqil fikrlaydigan, xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan xodimlarga katta ehtiyoj mavjud edi. Shu sababli ikkinchi mutaxassisligiga koʻra iqtisodchi olim boʻlgan Rustam Qosimov 1997-2000-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yangi tashkil etilgan Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining xalqaro iqtisodiy munosabatlar kafedrasi mudiri, fakultet dekani lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Bunda u kishining 1976-1981-yillarda Iroq va Suriya kabi xorijiy mamlakatlarda xizmat qilib, tajriba orttirgani ham inobatga olingani tabiiy.
2000-yillarga kelib, Rustam Qosimov faoliyatida yangi davr boshlandi. Bu paytda u oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Bank-moliya akademiyasi rektori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Bosh vazir oʻrinbosari lavozimlarida qizgʻin va samarali mehnat qildi. Bir soʻz bilan aytganda, yangitdan oyoqqa qoʻyish, tartibga solish lozim boʻlgan eng ogʻir sohalarga “tashlandi”.
Mening u kishi toʻgʻrisidagi koʻplab xotiralarim ayni shu davrga toʻgʻri keladi. Xizmat taqozosi tufayli bu ajoyib inson bilan juda dolzarb va qaynoq jarayonlar, loyihalarda birga ishtirok etish nasib etdi. Milliy istiqlol gʻoyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, madaniyat va sanʼat, taʼlim-tarbiya sohalarini rivojlantirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, Mustaqillik, Konstitutsiya, Navroʻz bayramlari va boshqa ommaviy davlat tadbirlarini, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada kabi respublika sport musobaqalarini, “Sharq taronalari” singari xalqaro festivallarni yuqori saviyada oʻtkazish borasida yelkama-yelka turib mehnat qildik.
Ish jarayonida goho oʻta murakkab masalalar, ziddiyatli holatlar ham vujudga kelishi sir emas. Shunday vaziyatlarda Rustam Sobirovich ularning barchasini tabiatiga xos boʻlgan yuksak madaniyat, vazminlik va bosiqlik, xushmuomala bilan hal etishga intilar edi. U kishining kimgadir baland tovushda qoʻpol munosabatda boʻlgani, qoʻl ostidagi xodimlarning shaʼnini yerga uradigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyganini koʻrgan emasman. Har qanday keskin bahs-munozarada ham hamsuhbatlari va muxoliflariga qarab murojaat qilganida — ular talaba yoki akademikmi, yuqori martabali amaldor yoki oddiy odammi — “agar ijozat etsangiz”, deb soʻz boshlar va shu fazilati bilan koʻngillarni oʻziga rom qilar edi.
Ayni vaqtda u xalq va davlat manfaatiga daxldor boʻlgan eng muhim masalalarda hamisha adolat va qonun tarafida, prinsipial pozitsiyada turar edi.
Men bu insonning intellektual va maʼnaviy salohiyati nihoyatda keng ekaniga, nafaqat milliy, balki jahon madaniyati va tarixini, falsafa va estetika, dinlar va millatlararo munosabatlar masalalarini chuqur bilishiga tan berardim. Rustam aka mamlakatimiz hamda xorijda boʻlib oʻtadigan turli uchrashuv va anjumanlar, xalqaro konferensiya va festivallarda ingliz, arab va rus tillarida erkin muloqot qilish, maʼruzalar oʻqish iqtidoriga ega, muxtasar aytganda, har tomonlama yetuk oʻzbek ziyolisining yorqin timsoli edi.
Shu oʻrinda bir misol keltirmoqchiman. Maʼlumki, mumtoz sheʼriyatimizda aruz vazni yetakchi oʻrin egallaydi. Bu adabiy janr dastlab Arabiston yarimorolida paydo boʻlib, yurtimizga islom dini bilan birga kirib kelganini bilsak-da, uning yaratilish tarixi koʻpchilikka qorongʻi. Aruzning turli vazn oʻlchovlari karvonda odimlab borayotgan tuyalarning qadam tashlashiga hamohang ekani, aynan shu holat qadimgi sahro shoirlariga ilhom berib, ijodiga kuchli taʼsir oʻtkazgani toʻgʻrisida men birinchi marta Rustam akadan eshitgan edim.
Oʻrni kelganida bu fidoyi inson bilan koʻp yillar hamkorlikda ishlab, uning tavallud ayyomini biror marta birgalikda nishonlash nasib qilmaganini bugun afsuslanib eslayman. Chunki u kishining tugʻilgan kuni 30-avgust sanasida edi. Bu paytda davlat xizmatchilari, ayniqsa, yuqori lavozimdagi masʼul xodimlar uchun eng dolzarb palla boshlanar — barchamiz Mustaqillik bayramiga qizgʻin tayyorgarlik ishlari bilan band boʻlardik. Shu bois, Rustam Qosimovning tugʻilgan kuni koʻpincha bayram boʻladigan maydonda yoki viloyatlarda birov bilib, birov bilmay oʻtib ketar edi. Mana shu fakt ham bu shaxsning hayot yoʻli istiqlolimiz tarixi bilan chambarchas bogʻliq holda kechganini koʻrsatadi.
Albatta, Rustam akaning hayotda munosib oʻrin topishi, mashaqqatli va samarali mehnati bilan el-yurt hurmatini qozonishida u tugʻilib voyaga yetgan ziyoli oilaning, xonadondagi maʼnaviy muhitning katta oʻrni bor. Otasi — uzoq yillar Toshkent xalq xoʻjaligi institutida domlalik qilgan taniqli olim Sobir Qosimov oʻz davridagi qiyinchiliklarga qaramay, besh farzandining barchasiga toʻgʻri taʼlim-tarbiya bergan moʻtabar zot edi. Bolalarining oliy maʼlumot olishi, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib, yetuk mutaxassis boʻlib yetishishida padari buzrukvorning oʻrni beqiyos. Rustam akaning oqila onasi Muhabbat Qosimova esa bu borada oila boshligʻiga hamisha tayanch boʻlib kelganini koʻpchilik yaxshi biladi.
Rustam Qosimovning ogʻa-inilari, opa-singillari ham yurtimiz ilm-fani va pedagogikasini ravnaq toptirish borasida jonbozlik koʻrsatib, xizmat qilgan insonlardir.
Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, madaniy-gumanitar sohalarni taraqqiy ettirishga butun borligʻini bagʻishlagan Rustam Qosimov taniqli ilm-fan, madaniyat va adabiyot vakillari bilan yaqin doʻst edi. Ularning isteʼdodi va ijodini hamisha qadrlar, qoʻlidan kelganicha qoʻllab-quvvatlardi. U kishining Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Bahodir Yoʻldoshev, Tursunali Qoʻziyev, Shoazim Minovarov, Abduhoshim Ismoilov, Ahmadjon Meliboyev singari koʻplab ijodkorlar bilan doʻstona munosabatda boʻlgani hammamizga yaxshi maʼlum.
Ayniqsa, Shoislom Shomuhamedov, Alibek Rustamov, Aziz Qayumov kabi ustozlarining nomini doimo hurmat-ehtirom bilan tilga olar edi. Rustam akaning bevosita tashabbusi bilan Oʻzbekiston Qahramoni, navoiyshunos olima Suyima Gʻaniyevaning hayoti va ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan “Yoʻl” nomli mazmundor, taʼsirchan hujjatli film yaratilganini yaxshi eslayman. Taniqli shoir va publitsist Eshqobil Shukur boshchiligidagi ijodiy guruh tomonidan suratga olingan, qahramonning bedor qalb dunyosi teran ochib berilgan ushbu film ham olima opamizdan, ham Rustam Sobirovichdan goʻzal bir esdalik boʻlib qoldi.
Suyima opaning keksalik va bemorlik chogʻlarida Rustam Qosimov u kishining holidan doimo xabar olib, yordam va koʻmak koʻrsatib turdi. Dafn marosimi va maʼrakalariga bosh-qosh boʻldi.
Doʻstimizning ilm va ijod ahliga, madadga muhtoj turli insonlarga eʼtibori va gʻamxoʻrligi haqida bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Hammamizga maʼlumki, insonning hayot yoʻli doim ham ravon va silliq kechmaydi, unda har xil kutilmagan, past-baland holatlar uchrab turadi. Rustam Qosimov ham faoliyati davomida shu kabi sinovlarga duch keldi. U 2011-yildan kasaba uyushmalari tizimida faoliyat yuritdi. Lekin oʻzining mustahkam irodasi, insoniy fazilatlari sababli tushkunlikka tushmadi, avvalgidek gʻayrat-shijoat bilan xizmat qilishda davom etdi.
Mana shunday murakkab davrda muhtaram Prezidentimiz, oʻsha paytda Bosh vazir lavozimida ishlagan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Rustam Qosimovni hamisha qoʻllab-quvvatlab turdi. Ijtimoiy jarayonlardan chetda qolishiga yoʻl qoʻymadi. Hukumat rahbarining vakili sifatida markazda va joylarda turli topshiriqlarni bajarish, jumladan, ommaviy tadbirlarni oʻtkazish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkillashtirishga safarbar qilib, fikr-mulohazalari, tajribasini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratib berdi.
2016-yil oxirida Rustam Sobirovich yana qizgʻin ijtimoiy faoliyatga qaytdi. Mamlakatimizda boshlangan keng koʻlamli islohotlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Zero, yangi Oʻzbekistonni barpo etish bilan bogʻliq ezgu va ulugʻvor maqsadlar u kabi fidoyi, bilimdon va tashabbuskor kadrlar salohiyatidan unumli foydalanish, ularga keng yoʻl ochib berishni taqozo etardi. Shu bois, Rustam Qosimov oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri etib tayinlangani toʻgʻrisidagi xabar koʻpchilikni quvontirdi. Keyingi yillarda esa Rustam aka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, Prezidentning Davlat maslahatchisi, Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori kabi masʼuliyatli lavozimlarda hormay-tolmay, joʻshqin mehnat qildi.
Afsuski, 2021-yilda — “COVID-19” pandemiyasi avjiga chiqqan payt u kishi ham shu mudhish kasallik bilan ogʻrib, koʻrilgan barcha chora-tadbirlar, tibbiy muolajalarga qaramay, 66 yoshida olamdan oʻtdi. Rustam Sobirovichning vafoti barcha qavmu qarindoshlari, doʻstu birodarlari, hamkasblari, yuzlab shogirdlari, mamlakatimiz jamoatchiligini chuqur qaygʻuga soldi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barchamizga bosh boʻlib taʼziya marosimida ishtirok etib, Rustam akaning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik va taskin bildirar ekan, jumladan, bunday deb taʼkidladi:
“Rustam Sobirovich Qosimov timsolida biz Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning yetuk ziyolisidan judo boʻldik. Biz juda koʻp yillar birga ishlaganmiz, ogʻir kunlarni ham boshimizdan oʻtkazganmiz. Hozir ham menga eng katta yordamchi, maslahatgoʻy edi. Ilohim, joylari jannatda boʻlsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin”.
Albatta, oʻlim haq. Vaqt-soati kelganida hammamiz ham bu yorugʻ dunyoni tark etamiz. Lekin odamning ortidan yaxshi nom, ezgu amallar, solih farzandlar, yetuk shogirdlar qoladigan boʻlsa, vafotidan keyin uning ikkinchi umri boshlanishi ham barchamizga ayon. Chunki minglab qalbda ilm-maʼrifat va olijanoblik chirogʻini yoqib ketgan Rustam akadek, eslasang koʻngil yorishadigan insonlar xotirasi hech qachon oʻchmaydi.
Shu maʼnoda, xalqimizning yetuk farzandi Rustam Sobirovich Qosimovning sharafli umr yoʻli bugun ham davom etmoqda, desak, oʻylaymanki, adashmagan boʻlamiz.
Xayriddin SULTONOV









