Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qilmoqda. Nomzod oʻz nutqida Samarqandning milliy davlatchiligimizdagi oʻrni haqida alohida toʻxtaldi.

– Samarqand milliy davlatchiligimiz poydevori yaratilgan, qadimiy poytaxt maqomiga ega boʻlgan yirik tarixiy va madaniy markazlarimizdan biri. Bu koʻhna va betakror shahar Oʻzbekiston tarixida, bugungi ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda alohida oʻrin tutadi.  

Jahon ilm-fanida “Gʻarbda – Rim, Sharqda – Samarqand” degan ibora bejiz paydo boʻlmagan.  

Ayniqsa, buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz davrida Samarqandning shuhrati butun dunyoga taraldi.

Samarqand zaminida oʻnlab, yuzlab buyuk ajdodlarimiz – mashhur sarkarda va davlat arboblari, alloma va mutafakkir zotlarning qadamjolari  mavjud.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi, muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimovning qabri, ziyoratgohi ham shu yerda.

Samarqandning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotimizdagi oʻrni va maqomi, ayniqsa, keyingi yillarda oʻsib bormoqda.  

Qadimiy poytaxtimiz yirik xalqaro sammitlar, taniqli siyosat, ilm-fan, madaniyat va din arboblari ishtirokidagi koʻplab ilmiy-madaniy anjumanlarga mezbonlik qilmoqda, dedi jumladan Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi saylovchilar bilan uchrashmoqda.