Davlat rahbari sessiyadagi nutqida Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot boʻyicha “ilgʻor innovatsiyalar hududi”ga aylantirish zarurligini taʼkidladi.
– Innovatsion hududda hokim, viloyat, tuman rahbarlari aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish boʻyicha har kuni yangilikka intilishi, dunyoqarashi va yondashuvlari oʻzgarishi kerak.
Viloyatni innovatsion hududga aylantirish uchun qaysi davlat tajribasini olib kelish boʻyicha koʻp oʻyladik. Tan olish kerak, oxirgi yillarda Xitoy sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyotda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdi. Xitoyning ilm, innovatsiya, muhandislik, elektrotexnika, robototexnika va IT yoʻnalishlarida tajribasi katta. Eng asosiysi, Xitoy bizga transport-logistika jihatidan eng yaqin yirik bozorlardan biri.
Xitoylik investorlarning ham viloyatga qiziqishlari katta. Oxirgi olti yilda xitoylik investorlar bilan birga Shirin shahri, Mirzaobod va Sirdaryo tumanlarida 60 dan ortiq yirik sanoat korxonalari ish boshlagan. Viloyatga 2022-yilning oʻzida 250 million dollardan ziyod Xitoy investitsiyalari jalb qilingan. Bu viloyat investitsiyasining deyarli 90 foizi.
Shu bois, Sirdaryoda barcha sohalarni rivojlantirishda Xitoy tajribasiga tayanishimiz lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.