Infratuzilma dasturi doirasida va qoʻshimcha ajratilayotgan jami 575 milliard soʻm hisobidan 1 ming 823 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 74 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Natijada, 500 ming nafar aholi ilk bor sifatli ichimlik suv bilan taʼminlanadi, 160 ming nafar aholining suv taʼminoti yaxshilanadi. Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti 43 foizdan 58 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, Prezident elektr energiyasi, gaz muammosiga ham toʻxtaldi.

Joriy yilda 1 ming 215 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 330 dona transformator va 3 ta yuqori kuchlanishli podstansiya quriladi.

Natijada, 479 ta mahalladagi 270 ming aholi va 5 mingdan ziyod tadbirkorlarning elektr energiya taʼminoti yaxshilanadi.

Davlat rahbari Kitob, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrining gaz taʼminotini yaxshilash uchun 1-sentyabrga qadar qoʻshimcha 14 kilometr gaz tarmogʻi tortib kelish boʻyicha topshiriq berdi.

Bunda, 9 mingdan ziyod aholining gaz taʼminoti qayta tiklanadi va 240 ta korxonaning gaz taʼminoti yaxshilanadi, 300 ta korxona gaz tarmogʻiga ulanadi.