Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga keldi

    Hukumat 16 Sentabr 2021 3599

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga keldi.

    Davlatimiz rahbarini Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

    17-sentyabr kuni bu yerda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti boʻlib oʻtadi.

    Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining asoschi davlatlaridan biri. 2001-yilda tuzilgan mazkur tashkilotga bugungi kunda sakkizta mamlakat – Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston aʼzo.

    Oʻtgan 20 yilda tashkilot xalqaro doirada nufuzli tuzilmaga aylandi. Bugun SHHT makoni dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, boy tabiiy resurslar, ilgʻor texnologiyalar va ulkan isteʼmol bozoriga ega.

    Oʻzbekiston SHHTga savdo-iqtisodiyot, transport va madaniy-gumanitar sohalarda koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavf-xatarlar va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishning muhim vositasi sifatida qaraydi.

    Mamlakatimiz tashkilot doirasidagi hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari hamkorlik koʻlamini kengaytirish va natijadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

    Prezidentimiz bugunning oʻzida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashuvlar oʻtkazadi.