Tadbir arafasida BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (UNODC ROCA) nomidan yuridik klinika — huquqiy klinika markazi ochildi. Mazkur klinikani ochilishi boʻyicha viloyat adliya boshqarmasi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlari ishtirokida memorandum imzolandi.
“Hokim va yoshlar” uchrashuvida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (UNODC ROCA) rahbari Ashita Mittal, BMT Taraqqiyot Dasturining (UNDP) Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirok etdi.

Ularning chiqishlaridan soʻng yoshlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida joylarda yoshlar markazlari, inklyuziv taʼlim maktablari ochish, Yoshlar parlamenti aʼzolarining mahalliy kengashlar faoliyatidagi ishtirokini taʼminlash, imtiyozli asosda yoshlar uylaridan xonadonlar olish va boshqa masalalar yuzasidan oʻnlab savol va takliflar tinglandi.
—Yosh tadbirkorlar uchun maxsus kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Uning 30 gektarli hududida 65 ta loyiha joylashtiriladi, 3,5 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. IT park, kasb-hunarga oʻrgatish markazlari ochilmoqda. Bularning barchasi yoshlarimiz uchun. Viloyatimiz aholisining 60 foizini tashkil etadigan yoshlar uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Ularni bemalol viloyatimiz drayverlari deb atasak boʻladi, — dedi viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov.
Tadbir yakunida bir guruh faol yoshlarga viloyat hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.