Unda OAV vakillari, blogerlar, axborot xizmatlari rahbarlari, tegishli tashkilotlar mutasaddilari, videoaloqa tarzida shahar, tumanlar hokimlari va ularning matbuot kotiblari qatnashdi. Ishtirokchilar dastlab tezkor shtab faoliyati bilan tanishdi.
Tezkor shtab aholi murojaatlari bilan ishlash hamda yuzaga kelayotgan muammolarni oʻz oʻrnida bartaraf etish, muhim masalalarga eʼtibor qaratish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan. Kunda ikki marta, yaʼni ertalab, kechqurun masʼullar bilan toʻplanib, viloyatdagi umumvaziyat tanqidiy-tahliliy muhokama qilinadi.
Viloyat hokimi qish faslidan talofatlarsiz chiqish, anomal sovuq kunlarida odamlarga sharoit yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan zarur chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot berdi hamda jurnalist-blogerlarning savollariga atroflicha javob qaytardi.
- Juma kuni 788 mahallaning 10 tadan xonadoniga - 7 ming 880 ta oilaga bir martalik oziq-ovqat tarqatamiz. Buning uchun 2 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Soʻnggi uch kunda 6 mingta oilaga 1 ming 800 tonna bepul koʻmir yetkazdik. Ogʻir pandemiya davrini boshdan kechirib, tajriba toʻplaganmiz. Bizda barcha kerakli zaxira mavjud. Shu bois, hozirgi sinovli paytlarda turli “provokatsiya”larga uchmay, bahamjihat boʻlishimiz lozim», - dedi Shavkatjon Abdurazzoqov.