Shaxmat: Abdusattorov va Sindorov Las-Vegasda kuchlilar bilan kurashadi

    Sport 16 Iyul 2025 1461

    Bugundan AQSHda “Freestyle Chess Grand Slam Las Vegas” turniri boshlanadi.

    Qayd etilishicha, mukofot jamgʻarmasi 750 ming AQSH dollaridan iborat mazkur nufuzli musobaqada hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov dunyoning eng kuchli grossmeysterlari Magnus Karlsen, Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Levon Aronyan, Uesli So, Rey Robson, Sem Sevian, Hans Niyemann, Leiniyer Dominges, Arjun Erigaisi, Rameshbabu Praggnanandhaa, Vinsent Keymer, Vidit Gujrathi va turnirda ishtirok etayotgan yagona ayol shaxmatchi Bibisara Assaubayeva bilan kuch sinashadi.

    Bugun turnirning dastlabki saralash musobaqasida shaxmatchilar 8 nafar qatnashchini jamlagan guruhlarda 7 ta turli aylana tizimdagi bahslarni oʻtkazadi.

    Ilk turlarda Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha, AQSHlik Uesli So, Levon Aronyan, qozogʻistonlik Bibisara Assaubayeva, germaniyalik Vinsent Keymer, norvegiyalik Magnus Karlsen va Javohir Sindorov bilan toʻqnash kelsa, Javohir Sindorov Bibisara Assaubayeva, Vinsent Keymer, Magnus Karlsen, Levon Aronyan, Rameshbabu Praggnanandha, Uesli So hamda Abdusattorovga qarshi dona suradi.

    Mazkur oʻyinlar natijasida yuqori va pastki qatordan joy olgan ishtirokchilar ertaga, 17-iyul kuni chorak final musobaqalarida qatnashadi.

    Nufuzli musobaqa 21-iyulga qadar davom etadi.