Unda qayd etilishicha, N.Abdusattorov Oʻzbekiston Prezidentining farmoniga asosan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan va unga Prezident sovgʻasi sifatida Toshkent shahar Maxtumquli koʻchasi 91/1 uy manzilidan ikki xonali kvartiraning kalitlari topshirilgan.
“Biroq turli yolgʻon va boʻhton xabarlar tarqatish orqali oʻz obunachilarini koʻpaytirishga odatlangan blogerlar yana hunarlarini koʻrsatishmoqda. Jumladan, ular uyalmasdan Nodirbek Abdusattorovga sovgʻa qilingan uy kalitlari qaytarib olindi, degan mazmundagi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishmoqda. Eng yomoni, xalqimiz ham shu yolgʻon xabarlarga ishonib qolishayotganida”, — deyiladi xabarda.
7-yanvar kuni Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi Faxriddin Davrukov Nodirbek Abdusattorov va uning ota-onasi prezident sovgʻasi boʻlgan 2 xonali kvartira bilan tanishtirgan.
Maʼlum qilinishicha, tez kunlarda qonunchilikda belgilangan rasmiyatchilik ishlari yakunlanib, ushbu xonadon Nodirbek Abdusattorovga topshiriladi.
Vazirlik matbuot xizmati blogerlarga Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra, yolgʻon va boʻhton xabar tarqatganlik uchun ham oʻrnatilgan tartibda jazo choralari qoʻllanilishi haqida eslatib oʻtgan.