Oʻz tarixida oltinchi bor oʻtkazilayotgan nufuzli musobaqaning 9-turida jahon reytingi peshqadami Magnus Karlsenga qarshi oq donalarda dona surgan Abdusattorov durangga erishdi.
Musobaqani muvaffaqiyatli boshlab, dastlabki ikki kunda yutqazmagan Nodirbek rapid bahslarida 5 ochko bilan 4-oʻrinni egalladi.
N.Abdusattorov musobaqaning yettinchi va sakkizinchi turlarida amerikalik Uesli So hamda hindistonlik Arjun Ergaisiga imkoniyatni boy berib qoʻydi.
Mukofot jamgʻarmasi 41 ming 500 AQSH dollarini tashkil etgan xalqaro turnirda Abdusattorov 4-oʻrinni egallashi ortidan rapid yoʻnalishida 2 ming AQSH dollariga ega chiqdi.
Turnirda 6 gʻalaba va 3 durang qayd etgan Magnus Karlsen 7,5 ochko bilan rapid bahslari gʻolibiga aylandi.
16-17-noyabr kunlari oʻtadigan blis bahslarida hamyurtimiz gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Rapid yoʻnalishidagi singari blisda ham 7-oʻringacha joy egallagan shaxmatchilar tegishli tartibdagi mukofot mablagʻlari bilan taqdirlanadi.