Shaxmat olimpiadasi g'oliblariga qanday davlat mukofotlari berilishi ma'lum bo'ldi

    Dolzarb 10 Avgust 2022 4598

    Shavkat Mirziyoev shaxmatchilarni davlat mukofoti bilan taqdirlaganini ma'lum qildi. Yigitlarimizga mashina ham sovg'a qilinadi

    Prezident Shavkat Mirziyoev bugun Toshkent arxitektura-qurilish institutida talabalar bilan uchrashdi.

    Ushbu uchrashuv davomida davlat rahbari 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo'lgan yigitlarimiz haqida ham gapirdi.

    “2026 yili ilk marta Shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilamiz. Mana ko'rasizlar, butun dunyo o'sha turnirga butunlay boshqacha kayfiyatda kelishadi. O'zbekistonga, chempionlar yurtiga boryapmiz-ku, deb qattiq tayyorgarlik ko'rishadi. Kecha telefon qilganimda ham aytganimdek, biz ulardan ham zo'rroq tayyorlanishimiz kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoev.

    Shuningdek, davlat rahbari O'zbekiston terma jamoasi a'zolarini davlat mukofotlari bilan taqdirlaganini ma'lum qildi. Yigitlarga “O'zbekiston iftixori” faxriy unvoni, qizlarimizga esa “Kelajak bunyodkori” medali berish to'g'risidagi hujjatga imzo chekilgan.

    Bundan tashqari Prezident chempion yigitlarimizga mashinalar ham sovg'a qilinishini e'lon qildi.

    “Chempionlarimizga yana qanaqa sovg'a berishni uzoq o'yladim. Mana, bokschilarimizga shunday katta pul mukofoti, mashinalar berdik, shaxmatchilarimizga ham bermasak, adolatdan bo'lmaydi. Shu sababli ularga mashina ham sovg'a qiladigan bo'ldik. Yosh-yosh yigitlarimiz uyiga mashina haydab borsa, tasavvur qilinglar, bu yoshlarimizga qanday katta motivatsiya bo'ladi”, — dedi davlatimiz rahbari.

    Hozircha mashina rusumi ma'lum qilinmagan.

    Eslatib o'tamiz, 5 avgustdagi Prezident qaroriga binoan, Butunjahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo'lga kiritgan sportchilarga 600 mln so'm, ularning murabbiysiga esa 300 mln so'm bir martalik pul mukofoti beriladi.