Jahon olimpiadasida juda katta yutuqqa ega bo‘ldik. Xursandchilikdan hayajonda yuribmiz. Bu — O‘zbekiston shaxmat tarixida uzoq kutilgan shonli g‘alaba.

Ensiklopediyalarda shaxmatning vatani sifatida Hindiston e’tirof etiladi. Uning paydo bo‘lish tarixi XVI asr bilan belgilanadi. Vaholanki, bizning hududimizda 2400 yillik tarixga ega shaxmat donalari topilgan. Men umumjahon shaxmat federatsiyasiga yozma ravishda “Shaxmatning vatani O‘zbekiston”, degan taklifni kiritdim. Bu masala yaqin fursatlarda ko‘rib chiqiladi va o‘ylaymanki, bu borada O‘zbekiston shaxmat vatani nomini oladi.

Quvonarlisi, yoshlarimiz shaxmatning vatani O‘zbekiston ekanini, yurtimizda uning rivojlanishi katta bosqichda ekanligini butun dunyoga aql-zakovat, matonat va mardlik bilan isbotlashga harakat qildi va g‘olib degan nomga sazovor bo‘ldi. Fidoyi shaxmat murabbiylari, ota-onalar, butun xalqimizning xursandchiligi cheksiz.

Televideniye va radio orqali har bir tur bo‘yicha jonli muloqotlar, sharhlar tashkil etib borildi. Har bir kun yakunini butun xalqimiz quvonch bilan kuzatdi. O‘zbekiston terma jamoasi 11 tur davomida umuman mag‘lubiyatga uchramadi. Bu, birinchidan, nazariy jihatdan katta tayyorgarlik ko‘rilganini bildiradi, ikkinchidan, amaliy tomondan yigitlarimiz o‘z tajribasini namoyon eta oldi. Dunyoning eng kuchli shaxmat ustalari ustidan zafar quchgan yagona jamoa bo‘ldi. Biz g‘alabaga ishonardik va u ro‘yobga chiqdi.

Eng og‘iri Niderlandiya jamoasi bilan o‘yin bo‘ldi. Garchi g‘alabaga ishonchimiz komil, raqib jamoa o‘yinchilari katta natija qayd etmagan bo‘lsa-da, biznikilar arzimagan xato bilan shuncha qilingan mehnatni zoye ketkazib qo‘yishidan cho‘chidik. Biroq yoshlarda g‘alabaga intilish kuchli bo‘ldi. Chempionlarimiz yillar davomidagi mehnatiga yarasha g‘alabaga erishdi.

Shu o‘rinda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni tarixiy g‘alaba bilan tabriklayman. Chunki davlatimiz rahbari shaxmatchilar bilan oxirgi uchrashuvida ularga katta ishonch bildirib, g‘alabalarga ruhlantirdi. Katta kuch berdi. Bu shaxmatchilarimizning har bir harakatiga zamindek bo‘ldi. Moddiy va ma’naviy rag‘batlar o‘z kuchini ko‘rsatdi.