Shaxmatchilarimiz pul mukofotlarini qabul qilib olishdi

    Sport 11 Yanvar 2022 948

    Xabaringiz bor, 2021-yil 26-30-dekabr kunlari Polshaning Varshava shahrida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha rapid va blis yo‘nalishlaridagi FIDE jahon chempionatida hamyurtlarimiz munosib ishtirok etishdi.

    Jumladan, nufuzli musobaqaning rapid yoʻnalishida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov barcha raqiblarini ortda qoldirgan holda jahon chempioni degan yuksak nomga sazovor boʻldi. Shu bilan birga u dunyo tarixidagi eng yosh jahon chempioniga aylandi. Yana bir hamyurtimiz Javohir Sindarov esa blis yoʻnalishida ancha yuqori boʻlgan 8-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Yangi Oʻzbekiston nomini dunyoga tanitgan isteʼdodli shaxmatchimiz hukumatimiz tomonidan munosib eʼtirof etildi. Nodirbek Abdusattorov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga koʻra “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti hamda Prezident sovgʻasi sifatida 2 xonali uy bilan taqdirlandi.

    Shuningdek, mazkur jahon chempionatida munosib ishtirok etgan terma jamoamiz aʼzolari Turizm va sport vazirligi tomonidan mukofotlanishdi. Jumladan, Nodirbek Abdusattorov 250 million soʻm, uning trenerlari Dmitriy Qayumov (marhum) hamda Jahongir Vohidovlar 100 million soʻmdan, Javohir Sindarov 50 million soʻm va nihoyat Shamsiddin Vohidov 25 million soʻm miqdoridagi pul mukofotiga loyiq koʻrilishdi.

    Bugun shaxmatning rapid va blis yoʻnalishlari boʻyicha jahon chempionati qahramonlari Turizm va sport vazirligida tegishli pul mukofotlarini qabul qilib oldilar. Umid qilamizki, bu ragʻbat shaxmatchilarimizga kuchli motivatsiya berib, ularni yangi gʻalabalar sari ruhlantiradi.