Shaxmatning vatani Hindistonmi yoki Oʻzbekiston? FIDE prezidenti javob berdi

    Sport 26 Dekabr 2023 1077

    Bugun, 26-dekabr kuni Samarqandda shaxmat boʻyicha jahon chempionati start oladi.

    Kecha chempionat oldidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti (FIDE) Arkadiy Dvorkovich ham ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

    - Shaxmatning asl vatani Hindiston deyiladi. Ammo Surxondaryodagi Dalvarzintepa, Samarqanddagi qadimiy Afrosiyob tepaliklaridan shaxmatning donalariga oʻxshash shatranjlar topilgan. Shundan kelib chiqib, shaxmatning vatani Oʻzbekiston deyishga asos bormi?

    - Shaxmat vatani Hindiston deyiladi, lekin qadimiy shaxmat donalari Oʻzbekiston hududidan topilgan. Shaxmatning paydo boʻlishi haqida koʻplab adabiyotlarni oʻqiganman va ularda shaxmat donalari ilk marta Hindistonga yaqin joylarda topilgani haqida ham fikrlar bor. Ammo soʻnggi izlanishlar va zamonaviy arxelogik topilmalar koʻrsatadiki, shaxmat oʻyini qadimdan Oʻzbekistonga yaqin hududlarda ham rivoj topgan.

    - Keyingi yillarda tezkor shaxmat boʻyicha ketma-ket soʻnggi jahon chempionatlari mezbonligi aynan Markaziy Osiyo mamlakatlariga toshirilayapti. Buni qanday izohlaysiz?

    - Jahon chempionatlarining FIDE tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlariga topshirilayotganining asosiy sabablaridan biri Markaziy Osiyoda shaxmatning yangi avlodi yetishib chiqyapti. Xususan, buni Oʻzbekiston misolida koʻryapmiz. Qozogʻistonda ham ayollar oʻrtasidagi yangi chempionlar paydo boʻlmoqda. Shuningdek, bu mintaqadagi mamlakat rahbarlarining shaxmatni rivojlantirish uchun berayotgan eʼtibori hamda mamlakatdagi homiylarning shaxmatni rivojlantirish uchun qilayotgan ishlari deb bilaman. Agar jarayon davom etsa, bu sport turi Markaziy Osiyoda yanada rivojlanadi.