Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi navbatdagi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi. Bu haqda Qonunchilik palatasining matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 15-dekabrda qabul qilinib, Senat tomonidan 2020-yil 19-dekabrda maʼqullangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunning 13-moddasi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu qonunning 13-moddasi bilan 2019-yil 2-iyulda qabul qilingan “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunga quyidagi mazmundagi oʻzgartish kiritilgan.
Unga asosan 271-moddasi oʻzgartish kiritildi va u quyidagi mazmunda ifodalanadi: “Mulkdor va (yoki) operator Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻida ishlov berishda ularning jismonan Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxsga doir maʼlumotlar bazalarida yigʻilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini taʼminlashi shart”.
Shu bilan bir qatorda, mazkur qonun talabidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 1412-moddasiga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 462-moddasiga shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish masalasida oʻzgartirish kiritilmoqda.
Yigʻilishda xalq vakillari bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida shaxsga doir maʼlumotlardan (fotosuratlar, ism-sharif, lavozim va hokazo) uning roziligisiz foydalanish, tarqatish holatlari koʻpayib borayotganining sabablari bilan qiziqdi.
Qonun tashabbuskorlari bu masalaga toʻxtalar ekan, shaxsga doir maʼlumotlar — muayyan jismoniy shaxsga taalluqli boʻlgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan axborot ekanini aytib, shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻishning ilgari bildirilgan maqsadlaridan chetga chiqilgan hollarda, ushbu maʼlumotlarni tarqatish maʼlumot oʻziga taalluqli boʻlgan shaxsning roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.
Shuningdek, yuqoridagi tartibning oʻrnatilishi insonning shaxsiy hayotiga, uning shaxsiga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda olish, qayta ishlash, saqlash, tarqatishda jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligi va masʼuliyatini va bunday maʼlumotlar bilan qonuniy ishlash samaradorligini oshirilishiga xizmat qilishi qayd etildi.