Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra:
Endilikda jabrlanuvchining axborot resursini yoʻq qilish, oʻzgartirish, egallab olish yoki toʻsib qoʻyish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qoʻrqitib mulk talab qilish ham tovlamachilik sifatida jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qoʻllanilishi mumkin:
▫️BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima;
▫️2-yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari;
▫️1-yilgacha ozodlikni cheklash;
▫️1-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shugʻullanish yoki belgilangan tartibni buzgan holda mayning faoliyatini amalga oshirish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qoʻllanilishiga sabab boʻladi:
▫️BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima;
▫️2-yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari;
▫️1-yilgacha ozodlikni cheklash;
▫️1-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Shuningdek, yashirin mayningni amalga oshirish BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.