Qonunga koʻra, kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestri bu —kredit bitimi tuzishi taqiqlangan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan va kredit byurolari tomonidan yuritiladigan yagona maʼlumotlar bazasidir.
Markaziy bank bunday shaxslarning oʻzaro muvofiqlashtirilgan reyestrini kredit byurolari tomonidan yuritilish tartibini belgilaydi.
Shuningdek, kredit byurosi ustav fondi (ustav kapitali) ning eng kam miqdori 2 milliard soʻmni tashkil etishi kerakligi belgilandi.
Kredit byurolariga nisbatan Markaziy bank quyidagi qoidabuzarliklar sodir etilganligi uchun choralar va sanksiyalarni qoʻllaydi:
— kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi va kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik;
— kredit byurolari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini buzganlik;
— litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Markaziy bank mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun majburiy koʻrsatmalar yuborish hamda BHMning 5 ming baravarigacha miqdorda jarima qoʻllashga haqli.
Bundan tashqari, jismoniy shaxs oʻzining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun oʻzi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin.
Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy amalga oshiriladi.