Ulamolarimiz moddiy va maʼnaviy neʼmat-yaxshiliklarning ziyoda boʻlishi, unib-oʻsishi, barqaror va davomli boʻlishini baraka deydi. Baraka tanaga tushsa, uni quvvatli qilib, koʻp narsaga imkoniyati yetishiga sabab boʻladi. Baraka farzandlarga tushsa, ularning solih, axloqli boʻlishiga koʻmak beradi. Baraka vaqtga tushsa, uni kengaytiradi, inson oʻsha vaqt ichida koʻp ishlarni qilishga ulguradi. Bir odam 60-70 yillik umri davomida yuz yilda ham qilishga ulgurolmaydigan ishlarni bajarishi uning vaqtiga baraka berilganidir.
Abdulla Oripov 75 yil umr koʻrdi. Ammo oʻzidan son-sanoqsiz sheʼrlar, koʻplab kitoblar, tarjimalar, suhbatlar, qaydlar, xotiralar qoldirdi. U zotning yozib qoʻygan asarlari hozir ham nashr etilishda davom etmoqda. Bu bir insonning umriga baraka berilganining yorqin koʻrinishi.
“Doʻrmon” ijod uyi hududida, shoir istiqomat etgan xonadonda muqaddas Ramazon hayiti hamda Navroʻz ayyomi, qolaversa, 21-mart — shoirning tavallud sanasi arafasida Abdulla Oripov uy-muzeyining ochilishida ham oʻziga xos ramziy maʼno mujassam. Tadbir davomida shoir Eshqobil Shukur topib aytdi: “Shoir oʻzi ulugʻ kunda tugʻildi, uy-muzeyining ochilishi ham shu muborak sanaga toʻgʻri keldi. Barakali odam degani shu boʻlsa kerak-da!”.
Oʻzbek adabiyotini Abdulla Oripov ijodisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Betakror, falsafiy, tabiiy kechinmalarga yoʻgʻrilgan, qalb prizmasidan oʻtgan, teran obrazli, mushohadalarga boy, ohangi, ifoda usuli, hayot hodisalarining yangicha talqini bilan oʻz adabiy maktabini yaratdi. Shoir Usmon Azim aytmoqchi, adabiyotga yolgʻon aralashmagan soʻzlar bilan kirib keldi. Sheʼriyat dargʻasining yorqin shaxsiyatini bir faoliyat kesimida qamrab olish mumkin emas. Shu maʼnoda, mazkur muzey adabiyotimiz, Abdulla Oripov sheʼriyatining qutlugʻ qadamjosi boʻlishi shubhasiz.
Chindan ham muzey Abdulla Oripov yashagan muhit ruhini saqlab qolgani bilan ahamiyatga molik. Shoir asarlarining asl qoʻlyozmalari mavjud ijodxona, devorlardagi tarixiy suratlar, yuzlab kitoblarni bagʻrida saqlayotgan mahobatli kutubxona, ijodkor ziyolilar bilan dildan suhbat uchun majlislar xonasi, yaqin yillarga tegishli eksponatlar, moʻjaz foye gʻoyat fayzli va shinam. Davlatimiz madhiyasi yaratilgan alohida ijodxona uy-muzeyga yanada koʻrk, salobat bagʻishlaydi. Yurtimiz madhiyasi aynan shu xonada dunyoga kelgani qalblarni hayajonga soladi.
Muazzam va dilbar
— Otam Doʻrmonni yaxshi koʻrardi, biror joyga ketsa, “Doʻrmon havosini sogʻindim”, deb tez qaytib kelardi. Bundan oldin Kibriyo Qahhorovadan sotib olingan hovlida yashaganmiz. Keyinchalik, otam Yozuvchilar uyushmasi raisi boʻlgach, oldingizga koʻp odamlar tashrif buyuradi, kattaroq joyga koʻchib oʻtishingiz kerak deb shu uyni berishgan. Shundan soʻng bu hovli xalq hovlisiga aylandi: ostona hatlab istalgan kishi kirib kelar, shoirona qilib aytganda, otamning tafakkur bulogʻidan choʻmichiga toʻldirib ketardi. Qoraqalpoqlik muxlislar otamni boshqacha yaxshi koʻrardi, ellikqalʼaliklar tez-tez tashrif buyurar, Nekoʻz — Nukus-da deb hazillashib, oʻzlarini shoirga yaqin olardi. Bu hovlida otamning uchta oʻtovi bor edi, har yili ikki marta qoraqalpoq muxlislar kelib, yangilab ketardi. Uy-muzeydagi koʻplab jihozlar, stol-stullar yoki shoir surati solingan gilamlar hunarmand muxlislari tomonidan taqdim etilgan, — deya eslaydi Abdulla Oripovning qizi Shoira Oripova.
Ikki qavatli uyni tomosha qilar ekansiz, shoir hamma qatori oddiy va ayni paytda naqadar ulugʻvor hayot kechirganiga yana bir bor iqror boʻlasiz. Bu yerda saqlanayotgan har bir ashyoga oʻz vaqtida shoirning qoʻli tekkan, uning nigohi tushgan. Buni bilishingiz hamono eksponatlardagi mohiyat teranroq mazmun kasb eta boshlaydi, ijodkorga doir iliq xotiralar sari yetaklaydi.
“Abdulla aka oilada adabiy tilga, oʻzbek tiliga juda eʼtiborli edi. Farzandlarimiz Toshkentning qoq markazida tugʻilib oʻsgan boʻlsa-da, “ada” emas, balki “ota” deb chaqirardi. Toʻngʻich nabiramiz Shohrux bobosini “buva” deb tili chiqdi. Qarasaki, hamma “ota” deydi. Keyinchalik u bobosiga “ota-buva” deb murojaat qila boshladi. Abdulla aka hazillashib, “Nevaram, oʻzingni qiynab nima qilasan, “ajdod” deb qoʻyaqol”, degandi, — deya xotirlaydi shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva. — Madhiyaning dunyoga kelishida ikki buyuk kompozitor va shoirning tong otguncha ter toʻkib, qilgan mehnatlariga guvoh boʻlganman. Mutal aka menga “Kelinjon! Agar mana shu musiqam tanlovdan oʻtsa, oʻlsam ham armonim yoʻq edi. Bilasizmi, menga nimasi nashʼa qiladi? Hatto dushmanim ham qoʻlini koʻksiga qoʻyib, oʻrnidan turadi-da!” deb miriqib kulgani hamon qulogʻim ostida jaranglab turadi.
Madhiya uchun eʼlon qilingan tanlovga Abdulla aka “Qoʻngʻirtovliq” taxallusi bilan qatnashgan. Saralov uch bosqichdan iborat boʻlgan va u deyarli ikki yil davom etdi. Har bir bosqichda Abdulla akaning sheʼrlari yuqori oʻrinlarni egalladi. Tinimsiz mehnat natijasida madhiya uchun ikki sheʼr yozildi va oxiri “Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt najot” degan satrlar bilan boshlanadigani tanlovga taqdim etildi. Mutal Burhonov har kuni uyimizga kelib, pianinoda musiqani chalib koʻrar va madhiyani farzandlarim bilan kuylab, har bir soʻzi musiqaga mos tushayotgan yoki yoʻqligini tekshirardi. Madhiyaning matni ham juda koʻp oʻzgartirilgan, shu vaqtgacha bir necha variantini muzeylarga berganman, uyda yana 50-60 nusxasi saqlanib qolgan. Ikkinchi qavatdagi pianinoni koʻrdingizmi? Yonida eski yozuv mashinkasi ham bor. Oʻsha pianinoda madhiya musiqasi yaratilgan, yozuv mashinkasida esa men Abdulla akaning sheʼrlarini terib chiqardim”.
“Mahallada duv-duv gap”
“Opalarimning aytishicha, har yangi yilda madhiyaning yangrashini otam intizorlik bilan kutgan. Otamga qoʻshtirnoq ichidagi “doʻstlari va shogirdlari” kelib, “Eshitdingizmi, yangi yildan madhiyani oʻzgartirishmoqchi ekan”, deb gapirib, koʻnglini behuzur qilib ketar ekan. Yil yarmidan boshlab, 6 oy davomida yangi yil kelishini diqqati oshib kutar, bayramda madhiya yangrab, uning matni oʻzgarmaganini bilganidan keyin “Xayriyat, qoldirishibdi”, deb yigʻlab yuborar ekan, — deydi shoirning kenja qizi Ruxsora Oripova. — Ayam 17 yoshida turmushga chiqqan boʻlsa, otamga umrini, hayotini bagʻishladi. 50 yil birga, yelkama-yelka yashab, turmush tashvishlarini, hayotning achchiq va shirin tuhfalarini opichlab oʻtgan. Bir suhbatda otamdan ayam haqida soʻrashganida: “Endi men bu yerda kelinoyingizni maqtab oʻtirsam, roʻzgʻorning egasiga toʻgʻri kelmaydi. Lekin bor gapni azbaroyi xolis aytishim lozim. Xolislik shu maʼnodaki, oʻzimga, oʻzimning hayotimga baho berishim kerak. Men oson feʼllik yoki juda silliq hayot yoʻlidan oʻtgan emasman-da. Koʻp yetishmovchiliklarni, juda koʻp gʻamgin vaqtlarni koʻrdim. Hatto yashashdan toʻydim degan xulosalarga kelgan daqiqalarim boʻldi. Osmon yiroq, yer qattiq. Meni himoya qiladiganlarning hammasi qochib ketgan vaqtlar boʻldi. Shunda meni bittagina yangangiz himoya qildi, doimo birga boʻldi va meni haligi eng qaygʻuli va ogʻir xulosalardan qaytardi. Balkim jonimga qasd qilishim mumkin edi. Hozir ham shunday daqiqalar boʻladi. Buni men aql bilan yengaman, harakat qilaman. Shuning uchun menga qancha ogʻir boʻlgan boʻlsa, yangangizga undan ham ogʻir boʻldi. Mana shu xulosamni oʻziyoq koʻp narsani bildirsa kerak”, deb javob bergan edi.
Eng kichik farzand boʻlganim uchun ota- onam mehrining qaymogʻini tatiganman, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Uchrashuv va tadbirlarda koʻpincha otam bilan birga ishtirok etardim. Otam butun borligʻi bilan xalqniki edi. Uchrashuvlarda, safarlarda uni odamlar oʻrab olardi. Men chetda qolib ketaverardim. Esimda, Namangan viloyati Pop tumaniga borganimizda odamlar oʻrab olib, dastxatlar oldi. Shoirning qizi ekanimni bilib qolib, mendan ham dastxat soʻrashgan. Rosa xijolat boʻlganman. Uyimiz doim mehmonlar bilan gavjum boʻlar edi. Oilaviy bayramlarda, yangi yil kechasi ham dasturxon tuzab, butun oila jam boʻlib oʻtirganimizda shogirdlari, muxlislari kirib kelardi. Tongotar sheʼrxonlik, adabiy gurung boʻlar va buni biz tabiiy hol deb qabul qilardik. Abdulla Oripov bizning otamiz va xalqning shoiri edi. Shuning uchun otam bilan odamlar istalgan payt gaplasha oladi deb oʻylar edim. U shu qadar taniqli ediki, keyinchalik el orasida unga doir turli kulgili mish-mishlar, toʻqib chiqarilgan voqealar tarqalib ketdi.
Bir kuni uyushmaga bir momo keldi. Suhbat orasida toʻsatdan:
— Abdulla Oripovning “Yuzma-yuz” kitobini oʻqiganmisizlar? — deb soʻrab qoldi. Hamkasblarim hazil-chin aralash:
— Mana, shoirimizning qizi boʻladi, — dedi.
Momo menga sinchiklab qarab turdi-da, “Rostdan ham qizimisiz?” deb hayratlandi. Tasdiqlash maʼnosida boshimni silkitdim. Shunda u ayol xuddi hamma narsani aniq bilgandek gap boshlab yubordi:
— Otangiz bir arman qizini qattiq sevgan. Otasi bermagan. Shuning uchun “Nechun tim qoradur arman koʻzlari”, deb armonli sheʼrlar yozgan. “Birinchi muhabbatim”ni shu qizga bagʻishlagan. Keyin bir oʻzbek qizini topib, baxtli boʻlib ketgan…
U shunchalik ishonch bilan gapirardiki, goʻyo oʻsha voqealar tepasida oʻzi turganday. Men esa shunchaki jilmayib qoʻydim. Aslida, aytgan sheʼrlari “Birinchi muhabbatim” sheʼridan ancha keyin yozilgan. Armanistonga safar ham turmush qurganlaridan soʻng boʻlgan. Odamlar otam haqida turli “xotira”lar toʻqiydi. Shunday paytlar otamning satrlari yodimga tushadi: “Inson bolalari baribir sodda”. Baʼzilar shoirni turli afsonalar orqali sevishni istaydi. Kim biladi, balki bu ham muhabbatning bir koʻrinishidir”.
Ruhiyat ranglari inkishofi
Abdulla Oripov shoir sifatida sheʼriyat ixlosmandlarining koʻz oʻngida shakllandi. 1965-yilda yosh shoirning birinchi sheʼriy toʻplami — “Mitti yulduz” chop etilganda filologiya fanlari doktori Salohiddin Mamajonov quyidagilarni qayd etgan: “Shoir voqelikni butun murakkabligi, ichki ziddiyatlari orqali koʻradi, undagi goʻzallik va xunuk tomonlar, qiyinchiliklar va mushkulotlarni idrok etib, oldinga surayotgan gʻoyasini ana shu mushkulotlar ichidan olib oʻtib ifodalaydi va uning ishonarli chiqishiga erishadi”.
Ibrohim Gʻafurov shoirning ikkinchi toʻplami — “Koʻzlarim yoʻlingda” haqidagi taqrizida yosh shoir sheʼrlarining falsafiyligi, lirik qahramonning dard va intilishlari, zamon haqida, kelajak haqidagi oʻylarining aks etishi toʻgʻrisida soʻz yuritadi.
Taniqli adib Doniyor Begimqulov aytadiki, “Shoirning butun ijodi inson zakosi, uning sir-sinoati, anglab boʻlmas sehru jodusi, yuksakligi va tubanligi qarshisida lol boʻlgan qalbning hayratidek taassurot qoldiradi”.
“Otamda ishdan keldim, dam olaman degan gap yoʻq edi. Mehmonlar, shogirdlar, qarindoshlar kelib-ketsa ham har birimizga alohida vaqt topardi. Nimaga qiziqamiz, nega kayfiyatimiz yoʻq, nimadan qiynalyapmiz, oʻqishimiz qanday? Otam biz bilan bir butunligini anglatib turardi. Juda mehribon edi. Oʻz oʻrnida qattiqqoʻlligi ham bor edi, albatta. Jahli chiqqanda yoki kayfiyati boʻlmaganida oldida ayamdan boshqa hech kim qolmas, hammamiz xonamizga kirib, jim oʻtirar edik. Otamdan biror nima soʻrash uchun ayamga murojaat qilardik. Ayam oʻzi xayrixoh boʻlgan masalada ruxsat berar va otamni ogohlantirardi. “Otang biladi, otangdan oʻzing soʻra”, desa, bormaysan yoki qilmaysan degani edi. Otam oʻzi eshitib qolsa, ruxsat berib yuborishini bilsak-da, baribir oʻziga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilishga hayiqardik, — deydi Ruxsora Oripova. — Oʻziga yarasha injiqliklari ham bor edi. Hazilkash, juda bolajon edi. Bolalar bilan uyga kelsak, nevaralarini oʻynatib, charchab, “Kelsalaring bir xursand boʻlaman, ketsalaring yana bir xursand boʻlaman”, deb hazillashardi. Ammo uyga yetmasimizdan qoʻngʻiroq qilib, “Endi qachon kelasizlar?”, deb soʻrardi. “Ota, hozir keldim-ku uyga”, derdim kulib.
Filologiya fanlari doktori Begali Qosimovga kelin boʻlganman. Turmush oʻrtogʻim domlaning kenja oʻgʻli. Koʻzining oldida katta boʻlgan. “Bu ikkalasi oʻzi yosh bola-yu, ikkita bolasi bor-a. Qachon qarasa, istirohat bogʻlarida aylanib yuradi, bolalari qolib, oʻzlari oʻynab ketadi”, deb biz, ikki kenjaning ustidan hazillashardi. Ikkinchi oʻgʻlim Oybek oʻsha paytlar kichkina nevara edi. “Oybek domla, ustoz”, deb alohida yaxshi koʻrardi.
Otam goʻyo uzoq safarga ketgan-u, hali zamon kelib qoladigandek. Yotoqxonasi ikkinchi qavatda joylashgan. U yerdagi kiyimlari, oʻzingiz koʻrishingiz mumkin, qanday turgan boʻlsa, shu holatda saqlangan. Onam qatorlarini ham oʻzgartirmagan. Xuddi bir narsaning joyini almashtirib qoʻysak, otam keyin qidirib qoladigandek tuyulaveradi. Tut shinnisi va asalni yaxshi koʻrardi, shuning uchun mana bu shinnilarga ham tegmaganmiz, salkam oʻn yildan buyon turibdi.
Har bir gapdan, vaziyatdan otamning oʻgiti chiqib kelaveradi, sheʼrlaridan javob olamiz, oʻzimizcha xulosa chiqaramiz. Otamsiz kunimiz yoʻq hozir ham. Ongimizda, qalbimizda biz bilan doimo birga. Sogʻinganda istalgan sheʼrlarini oʻqiyman, ularda otamning tafti, hislari mujassam. Katta-katta sheʼrlarining yukini, zalvorini yurakdan oʻtkazaman, “Mana bu joyida nima demoqchi boʻlgansiz?” deb nega vaqtida soʻrab olmagan ekanman-a deb qoʻyaman baʼzida”.
— Otamning ijod qilmagan vaqti kam boʻlgan. Doim ijod bilan mashgʻul boʻlardi. Lekin boshqa ijodkorlar kabi bizga sen kirma, yo boʻlmasa, onamga, bolalarni ol, men ijod qilyapman demas edi. Aksincha, biz, qizlar otamning kotibasi edik. Baʼzan aytib turib yozdirardi. Ammo sheʼrlarni qayta ishlash jarayonida yolgʻiz qolishni maʼqul koʻrardi. Tahrir jarayonida biz yozib olgan sheʼrlar baʼzan butunlay oʻzgarib ketardi, — deydi Abdulla Oripovning qizi Yulduz Oripova. — Otam juda taʼsirchan, noziktaʼb kishi edi. Ularga biror muammoni gapirishga iymanardik. Shu bois, uydagi maishiy muammolarni ayamga aytardik. Agar kattaroq masala boʻlsa, oxiri otamga aytilardi. Shundayam ayam orqali ayttirganmiz. Otamning koʻnglini avaylaganmiz, uni bezovta qilavermaganmiz. Ammo har qanday masalada otamning oldiga borsak, ijobiy javob olishimiz aniq edi. Otam oxirgi ilinjimiz edi. Unga shaxsiy fikrimiz doimo qiziq va muhim boʻlgan.
Yetaklashib qator va qator, yoʻldan oʻtdi yetmish besh bahor…
Shoirning AQSHda istiqomat qiluvchi qizi Mavluda Oripova oʻz xotiralarida shoirning soʻnggi kunlarini bunday eslaydi: “Otam uyimizga kelganida juda xursand boʻldi. Turmushimni, tinch va osuda yashayotganimni koʻrib, koʻngli xotirjam tortdi. Hammamiz xursand edik. Ular kelishi bilan xonadonimiz fayzga toʻldi. Otamning ahvoli yaxshi, har kuni sheʼrlar yozadi, bolalarim bilan oʻynaydi, shirin-shirin suhbatlar quramiz. Amerikadagi oʻzbeklar bilan yigʻilib, sayil uyushtirdik. Ota-onam birga qatnashdi, otam sheʼr oʻqidi. Mehmonlar ham xursand boʻldi… Otamning oxirgi kunlari xotirasi qalbimni hanuz tilkalaydi. Hammasi toʻsatdan boʻldi. Profilaktika uchun shifokorlar tekshiruvidan oʻtayotganimizda: “Ilgaridan eshitganim bor, har bir odamning yuragida jon qushi boʻladi. Agar odam shu qushning ovozini eshitsa, xayrli emasdir. Mening ham jon qushim chirqirab yotibdi, qizim”, dedi. Otamning tomirini topish qiyin edi. Uning shu gaplarini eshitar ekanman, mahkam bagʻrimga bosdim, boshlaridan silab quchoqladim. Otamni hech kimga bergim kelmasdi. Umrining oxirida yozilgan sheʼrlarida ham oʻz oʻlimini bashorat qilganday edi:
Yetaklashib qator va qator,
Yoʻldan oʻtdi yetmish besh bahor.
U bahorlar meniki edi,
Bolam, bari seniki endi…
Bugun ushbu munavvar goʻshalarni milliy oʻzlikni asrab qoluvchi tirik maʼnaviyat qoʻrgʻonlari sifatida eʼzozlash, ularni kelajak avlodga hech bir oʻzgarishsiz, bor salobati bilan yetkazish har birimizning masʼuliyatimizga aylanishi lozim.
Uy-muzeyga tashrif buyurish oʻtmish bilan yuzma-yuz muloqot qilish, millat fidoyilari qoldirgan merosdan ruhiy quvvat olish demak. Shu bois, bu kabi maskanlar har bir yurtdoshimiz uchun tafakkur qilish, ajdodlar iztirobi va quvonchini his qilish uchun ayni muddao va bebaho imkoniyatdir.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri