Yillik ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,5 mln tonnani tashkil etadigan mazkur zavoddagi ushbu yangilik 2021-yilning dekabr oyining boshida amalga oshirilgan edi. Qish mavsumida gaz bosimining pastligi bois zavoddagi elektr energiya ishlab chiqaruvchi energoblok toʻla quvvat bilan ishlay olmadi. Markaziy Osiyodagi sement zavodlari orasida faqat Sherobod sement zavodi mavjud boʻlgan ushbu energoblokning bir tomoni dekabr oyida ishga tushirilgan edi. Kuni kecha esa ushbu energoblokning ikkinchi tomoni ishga tushirildi.
- Gaz bosimining yuqori boʻlishi bilan mazkur energoblok toʻla quvvat bilan ishlay boshlaydi. Natijada soatiga 6 ming kilovat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Zavod ayni paytda Markaziy Surxon-500 podstansiyasidan soatiga 20-25 ming kilovatt elektr energiyasini oladi. Yangi energoblok ishga tushishi bilan bu tashqaridan olinadigan elektr energiyasi miqdori 14-19 ming kilovatgacha kamayishiga olib keladi.Bundan koʻrinib turibdiki, natijada isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi 30% foizgacha tejaladi. Bu oʻz-oʻzidan sement zavodida yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishilishiga sabab boʻladi. Sutkasiga hisoblaydigan boʻlsak elektr energiya hisobidan 60 mln soʻmdan oshiq mablagʻ tejash imkonini beradi, deydi biz bilan suhbatda zavod bosh energetigi Temur Xolnazarov. - Ishlab chiqarilayotgan sementning tannarxi ham kamayadi. Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridagi doimiy mijozlarga ham arzon narxda mahsulot yetkazib beriladi.
Mazkur energoblok obyektining boʻyi 50 m va eni 32 metrli uch qavatli binoda joylashgan asosiy uskunalar hamda tashqarida aylanuvchi pech atrofida joylashgan 2 ta qozonlardan tashkil topgan. Binoda ixcham holda zamonaviy texnologilar asosida suvni kimyoviy tozalash va bunda suvning yuqori tejamkorligida ishlovchi qayta foydalanish yopiq suv tizimi mavjud.
Sherobod sement zavodi zamonaviy va ilgʻor texnik, fan yutuqlarini oʻzida jamlagan boʻlib, mavjud zamonaviy, Yevropa standartlariga mos boʻlgan texnologik uskunalar atrof-muhitga zarar yetkazmaslikni taʼminlaydi.