Sherzod Asadov Prezidentning Konstitutsiya kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi

    8-dekabr - Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan bugun tantanali tadbir tashkil etildi.

    Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga bayram tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.

    Davlatimiz rahbarining qutlovida butun xalqimizga samimiy tilaklar izhor etilib, mazkur ayyom siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda oʻtayotgani taʼkidlangan.

    Ushbu muhim oʻzgarishlar alohida qayd etilib, islohotlarni jadal davom ettirish, yangilangan Konstitutsiyamiz normalarini hayotga tatbiq etish bundan buyon ham eʼtibor markazida boʻlishi aytilgan.

    "Xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi boʻlgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bu noyob qomusning har bir moddasi va qoidasini oʻrganish, ularga hurmat, mehr va eʼtibor bilan munosabatda boʻlib, toʻlaqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burch va mezonga aylanishini istardim", - deyiladi Prezidentimiz tabrigida.

    Bayram tadbirida Oliy Majlis aʼzolari, Prezident Administratsiyasi, davlat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.