Аziz Аbduhakimov ular bilan muloqot qilar ekan, Oʼzbekistondagi turizm sohasidagi islohotlar hamda ShHT sammiti oldidan Samarqand ruhini aks ettirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli ishlar haqida maʼlumot berdi.
Inflyuenserlar, o‘z o‘rnida, Oʼzbekistonning Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida boʼlib, sohadagi oʼzgarishlarga shaxsan guvoh boʼlganliklarini taʼkidlashdi hamda islohotlarni yuqori baholashdi.
“Аnchadan beri tarixlar chorrahasi hamda ajoyib madaniy merosga ega boʼlgan ushbu muqaddas zaminda boʼlishni orzu qilardim. Xalqingizning mehmondoʼstligini-ku soʼz bilan taʼriflab boʼlmaydi! Oʼzbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining sohaviy taʼlimga oid resurslari bilan mavjud kamchiliklar bartaraf qilinishiga shubha yoʼq. Turizm sohasi yildan yilga faqat yaxshi boʼlishiga ishonaman. Taʼkidlash lozimki, Samarqanddagi logistika bilan koʼp yutuqlarga erishish mumkin – Buxorgacha 1,5 soat, 2 soat Toshkentgacha poezdda qatnash, shuningdek ajoyib yangi aeroport – turizm sohasi uchun bundan yaxshi sharoit boʼlishi mumkin emas. Umid qilamanki, yaqin orada doʼstlarim bilan birga yana kelamiz, chunki ular hozirdanoq bu yerga qanday borish, nimalarni koʼrish mumkinligini haqidagi savollar yoʼllashmoqda”, - deydi Rossiya Federatsiyasi vakili – Butunjahon peterburgliklar klubi va Rus geografik hamjamiyati aʼzosi Vladimir Dervenyov. Shuningdek, u muloqot davomida “Ipak yoʼli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti kutubxonasiga “Gorod govorit” nomli mualliflik kitobini sovgʼa qildi.
Bundan tashqari, Qirgʼiziston vakili – taniqli bloger Аdelet Nogoybaev ham Oʼzbekistonga oid taassurotlari bilan oʼrtoqlashdi.
"Samarqandga tashrif buyurib, o'zim uchun yangi bir maskanni kashf etdim, — deydi Nogoybayev. – Jumladan, Silk Road Samarqand turizm markazi menda katta taassurot qoldirdi. Go'yoki O'zbekistonning ko'zga ko'ringan nuqtalarini bir joyga jamlagandek. Ta'kidlashim kerakki, O'zbekiston har yili turistlar uchun yangi syurprizlar tayyorlaydi.
Keyingi safar Samarqandga rafiqam bilan kelishni niyat qildim. Chunki bu yerda nafaqat tarixiylik bor, balki madaniyat, san'at, romantika bor. Bu yerda hatto quyosh botishi ham o'zgacha".
Nogoybayev "Ipak yo'li" xalqaro turizm va madaniy meros universiteti haqida ham fikr bildirdi.
"Universitetda juda yaxshi sharoit yaratilgan. Har bir xona zamonaviy jihozlangan. Bu yerda yetarlicha ta'lim olish uchun hamma imkoniyat bor", – dedi bloger.
Nogoybayev shuningdek, Samarqandga sahoyat qilish, boshqa davlat blogerlari bilan tanishish, tajriba orttirish imkoniyatini yaratib bergani uchun Turizm va madaniy meros vazirligiga minnatdorlik bildirdi.
"Vazirlikning o'ziga xos tashabbuslari doim meni quvontirgan. Bu safar ham o'zimiz uchun juda ko'p yangiliklarni kashf qildik. Ishonamanki, blogerlar o'z yurtlariga qaytganlaridan keyin ancha vaqt O‘zbekistonni, Samarqandni eslab yurishadi", – dedi Nogoybayev.
Ma'lumot uchun, xorijlik inflyuenserlar sayohat davomida O'zbekiston, xususan, Samarqand haqidagi ijobiy taassurotlarini o‘z platformalariga joylab borishmoqda. Bu esa ShHT sammiti arafasida Samarqandda qilinayotgan ishlar, ShHTda Samarqand ruhi va umuman O'zbekistonning turizm salohiyatini keng targ'ib qilishga imkon beradi.
Taʼkidlash joizki, bundan avval ShHT davlatlari rassomlari, haykaltaroshlari, poygachilari va suratkashlari Samarqandda bo‘lib, ShHTda Samarqand ruhini yaratishga oʼz hissalarini qo‘shishdi.