Tadbirda Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Nusratilla Zikrillayev soʻzga chiqib, Bosh vazir oʻrinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigini oʻqib eshittirdi.

«Guvohi boʻlayotganingizdek, oxirgi 5 yilda turizm va madaniy meros sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor sabab, ushbu yoʻnalishda juda koʻp ishlar qilindi, maqsadli islohotlar amalga oshirildi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti oldidan Samarqandda boʻlib oʻtayotgan qator tadbirlar ham bularning natijasidir desak, yanglishmagan boʻlamiz. Maʼlumki, soʻnggi oylar davomida Samarqand shahriga SHHTga aʼzo mamlakatlarning rassomlari, haykaltaroshlari, avtopoygachilari, fotograflari va inflyuyenser-blogerlari tashrif buyurdi. Ularning har biri oʻz asarlari orqali SHHTda Samarqand ruhini aks ettirishga harakat qildi. Bugungi “Rassom nigohida Samarqand ruhi” koʻrgazmasi ham ushbu ishlarning mantiqiy davomidir», deyiladi nutqda.

Aziz Abduhakimov akademik Asliddin Isayevni koʻrgazma bilan samimiy tabriklab, ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Maʼlumot uchun, ekspozitsiyada rassomning 65 ta ijodiy ishi namoyish etilgan. Rassom ijodida bolalarcha soflik, begʻuborlik, nafosatni koʻrish mumkin. Uning “Toʻyga pishirilgan nonlar”, “Izvoshchi”, “Toʻy”, “Kutilmagan nur”, “Kolxozdagi oqshom”, “Kuz. Qovun bozori” kabi asarlari oʻzbek xalqining milliy qadriyat va anʼanalarini aks ettiradi.

Asliddin Isayev “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan. 2018-yilda unga Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi akademigi unvoni berilgan. Asliddin Isayev oʻziga xos uslub va imidjini topgan ijodkorlardan biridir. Uning asarlarida bolalikdan unga yaqin odamlar, qadimiy va hamisha navqiron Oʻzbekistonning goʻzalligi, tarixi tasvirlangan. Ona shahri Samarqand, uning goʻzal manzaralari ijodkorga butun ijodiy umri davomida ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.

Maʼlumot uchun, Samarqandga SHHT sammiti arafasida SHHTga aʼzo davlatlarning tajribali rassomlari tashrif buyurgandi. Ularning Samarqand aks etgan eng sara asarlari esa sammit arafasida ochiladigan xalqaro koʻrgazmadan oʻrin oladi. Maqsad — SHHT sammitida Samarqand ruhini yanada yorqinroq aks ettirish.