Yuqori darajali uchrashuv mamlakatimizning SHHTga raisligi doirasida, shuningdek, Yoshlar kengashining a’zo davlatlardagi mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlari boshchiligidagi delegasiyalar, SHHT va Yoshlar kengashi kotibiyati ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti nufuzli xalqaro tashkilotlar orasida munosib o‘rniga ega. Shuningdek, tuzilma mintaqaviy va global miqyosda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishning ta’sirchan omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yig‘ilishdan maqsad ham bugungi axborot asri hamda globallashuv jarayonida rivojlanayotgan mamlakatlar qatorida SHHT davlatlarining iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan o‘sishi va taraqqiy etishida yoshlarning rolini oshirish, bu boradagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
— Tadbir mamlakatimizning SHHT Yoshlar kengashi faoliyatidagi ishtirokini yanada faollashtirishga xizmat qiladi, — dedi O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. — 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni aholining 55 foizdan ortig‘ini tashkil etayotgan mamlakatimizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.
O‘zbekiston aholisining katta qismini navqiron avlod vakillaridan iborat ekanini inobatga olgan holda, yoshlar bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. Bu borada ikkita muhim tizim — “Yoshlar daftari” va yoshlarga oid dasturlar muvaffaqiyati e’tirof etilmoqda. Buning natijasida bugun 6 million yoshning bandligini ta’minlash, 15 milliondan ortiq o‘g‘il-qizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha alohida ishlanmoqda.
Yoshlarning chet tillarni o‘rganishini rag‘batlantirish uchun xalqaro imtihonlarda yuqori ball olgan yoshlarga kompensasiya tizimi joriy etildi. Xorijda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi tashkil etilgani yoshlar bilan ishlashda muhim o‘rin tutadi.
Bu yildan boshlab mahallalarda yoshlar yetakchilari ko‘magida navqiron avlod bilan ishlashning yangi tizimi amaliyotga faol tatbiq etilmoqda. Hozir yurtimizdagi mahallalarda qariyb 10 ming nafar yoshlar yetakchisi bo‘lib, agentlik xodimlari ularning faoliyatiga ko‘maklashadi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar yoshlar yetakchilari o‘rtasidagi faol muloqot yoshlarning eng dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini muhokama qilish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligi direktori bir necha taklif bildirdi.
— O‘zbekiston SHHTga a’zo mamlakatlarda tahsil olayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash amaliyotini taklif qilish va ilgari surishga tayyor, — dedi A.Sa’dullayev. — “SHHTga a’zo davlatlar yoshlari o‘rtasida “Eng yaxshi startap loyihasi” ko‘rik-tanlovi Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilganini hisobga olib, ushbu tanlovni har yili yoshlar startaplari forumi shaklida o‘tkazishni taklif etamiz. Shuningdek, bu yil O‘zbekiston va Qozog‘iston yoshlari qurultoyini Toshkent va Buxoro shaharlarida yuqori saviyada o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz. SHHT doirasida shaxmatni yanada ommalashtirishda mamlakatlarimiz sa’yharakatlarini birlashtirish, tuzilma doirasida xalqaro shaxmat turniri o‘tkazish taklifini bildiramiz.
Tadbir ishtirokchilari tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotida navqiron avlodning o‘rni va rolini oshirish masalasini muhokama qildi.
— Koronavirus pandemiyasi ko‘plab, jumladan, SHHT davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligiga katta zarar yetkazdi, — dedi Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min. — Inqirozdan yoshlar ham o‘qish va malaka oshirish nuqtai nazaridan ancha jabr ko‘rdi. Hozirgi uchrashuv har qachongidan dolzarb. Shanxay hamkorlik tashkiloti yoshlar masalalariga hamisha katta ahamiyat beradi va ularni faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb biladi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilgan SHHT yoshlari o‘rtasida eng yaxshi startap loyihalar tanlovining final bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Toshkent uchrashuvida SHHTga a’zo mamlakatlarning yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyat va mavjud imtiyozlar haqidagi ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, ishtirokchilar yoshlar sohasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlik, yosh mutaxassislar uchun o‘zaro tajriba almashish maydonini yaratish, ularning salohiyatini oshirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri