Unda akademik hamda professorlar “Tibbiy targʻibotning dolzarb muammolari” mavzusini muhokama qilib, bu borada oʻzaro fikr almashdi.
Ushbu tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov jamiyatning bebaho boyligi hisoblangan inson salomatligini asrash yoʻlida ommaviy axborot vositalari orqali olib borilayotgan targʻibot ishlari aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi xususida soʻz yuritdi.
Keng ommaga moʻljallangan “Shifo-info” gazetasi jamoasi ham ezgu maqsad — xalqimizning salomatligini mustahkamlash, yoshlarda tibbiy madaniyatni shakllantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasida samarali faoliyat olib boryapti. Oʻzining doimiy oʻquvchilariga ega boʻlgan va mushtariylar mehrini qozongan mazkur nashr sahifalarida inson salomatligini uchun juda foydali maʼlumotlar, tibbiyotga doir tavsiya va maslahatlar berib borilayotgani eʼtirofga molik.
“Shifo-info” gazetasining tahrir kengashi va tahrir hayʼati aʼzolari Oʻzbekistondagi yirik olimlar — tibbiyot fanlari doktori, professor va akademiklardan iborat ekani uning yuksak salohiyatidan dalolat beradi.
Gazetaning doimiy mualliflari ham shifokorlar hisoblanadi. Ular kasbiy mahorati, tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan bemorlar dardiga malham boʻlib kelyapti.
Oʻtkazilgan tadbir doirasida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilib kelayotgan “Shifo-info” gazetasi tahririyatiga “Yurida-Orfo” dasturi sertifikati begʻaraz yordam sifatida taqdim etildi. Bu dastur kirill yoki lotin alifbosidagi matnlarning orfografik bexato yozilishini taʼminlashga moʻljallangan, deb xabar beradi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi matbuot xizmati.