Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisining inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihasi doirasida oʻtkazildi.
Mashgʻulotlarni tashkil etishda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi ham ishtirok etdi.
Treningdan maqsad – Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi tibbiyot xodimlarining Istanbul bayonnomasiga muvofiq qiynoqqa solish va shafqatsiz muomalani samarali hujjatlashtirish borasidagi xalqaro standartlardan xabardorligini oshirishdan iborat.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov 2017-yildan buyon Oʻzbekistonda shafqatsiz munosabatning oldini olish boʻyicha izchil ishlar olib borilayotganini qayd etdi. Tadbirda, shuningdek, Istanbul bayonnomasini samarali qoʻllash huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tibbiyot muassasalari va ekspertlar hamjamiyati oʻrtasida yaqin idoralararo hamkorlikni talab etishi aytildi.
YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi A.Karttunen oʻz nutqida Istanbul bayonnomasining asosiy unsuriga – jabrlanuvchiga yoʻnaltirilgan yondashuvga urgʻu berdi. Shu bilan birga, ushbu jarayonda tibbiyot xodimlarining faoliyati muhim axloqiy ahamiyatga egaligi taʼkidlandi.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tibbiyot boʻlimining bosh mutaxassisi F. Olimov ishtirokchilar eʼtiborini ozodlikdan mahrum etish joylaridagi ishning oʻziga xos jihatlariga qaratdi. U qiynoqqa solish holatlarini oʻz vaqtida aniqlashda tibbiy koʻriklarning toʻliq xolisligi va mustaqilligini taʼminlash zarurligini qayd etdi.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Xorazm filiali boshligʻi A. Masharipov ekspertizaning qonuniylikni taʼminlashda asosiy vositalardan biri sifatida tutadigan roli haqida toʻxtaldi. U mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish va xalqaro standartlarni joriy etish inson huquqlari himoyasiga bevosita taʼsir qilishini taʼkidladi. A. Masharipov ekspert faoliyatining ilmiy asoslanganligi va mustaqilligi tamoyillariga rioya etishning ahamiyatini uqtirib, olingan bilimlarni Markazning hududiy filiallarida amalda qoʻllash uchun bu kabi oʻquv tadbirlarining muhimligini eʼtirof etdi.
Treningning amaliy qismi xalqaro ekspertlar — qamoqxonalar islohoti va inson huquqlari boʻyicha xalqaro maslahatchi, Xalqaro penitensiar jamgʻarma vakili A. Shambilov hamda Istanbul bayonnomasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan Istanbul bayonnomasi boʻyicha xalqaro ekspert, Tbilisi davlat tibbiyot universiteti sud tibbiyoti kafedrasi mudiri R. Beriashvili rahbarligida boʻlib oʻtdi.
Ishtirokchilarga oʻn yillik jahon tajribasi asosida ishlab chiqilgan hujjatning yangilangan ikkinchi nashri taqdim etildi. Mutaxassislar axloqiy meʼyorlar, intervyu oʻtkazish usullari, jismoniy dalillarni qayd etish hamda nomaqbul oʻtkazilgan muloqotning ruhiy oqibatlarini baholashni oʻz ichiga olgan bayonnoma mazmun-mohiyatini batafsil tahlil qildilar.
Oʻquv mashgʻulotlari doirasida maʼlumotlarni saqlash tizimiga ishonchning yoʻqligi tergov uchun zarur boʻlgan muhim tafsilotlarning oshkor etilishiga toʻsqinlik qilishi mumkinligi taʼkidlandi.
Trening yakunida Oʻzbekistonda qiynoqlarni hujjatlashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha keyingi qadamlar muhokama etildi. Ishtirokchilar maxfiylikni taʼminlash uchun qabul xonalarida videokuzatuv yoʻqligini taʼminlashni, shuningdek, malakali kadrlar tanqisligini bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrishni taklif qildilar.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.