“Shimoliy hududlar uchun moʻljallangan aqlli issiqxonalarning texnik xususiyatlari” nomli kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi

    Koreya Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarni rivojlantirish vazirligi huzuridagi Qishloq hududlarni rivojlantirish agentligi (RDA) tomonidan 2021-yildan boshlab “Shimoliy smart farm paketi modelini ishlab chiqish” milliy tadqiqot loyihasi ish boshladi.

    Ushbu loyihada shimoliy smart issiqxona modelini joriy etishda maqsadli 9 ta davlat hududlari tanlab olingan hamda ushbu hududlar uchun mos issiqxona modellari ishlab chiqilgan.

    Mazkur modellarni ishlab chiqishda Koreyaning Xalqaro meva-sabzavotchilik instituti tomonidan 9 ta davlatning 30 ta hududidagi qor qalinligi va maksimal shamol tezligi boʻyicha 36-yillik meteorologiya maʼlumotlari batafsil tahlil qilinib, shu asosda 23 ta model tanlab olindi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 29-oktyabr sanasida mazkur loyiha doirasida ishlab chiqilgan “Shimoliy hududlar uchun moʻljallangan aqlli issiqxonalarning texnik xususiyatlari” nomli kitob taqdimoti oʻtkazildi.

    Ushbu loyiha doirasida joriy yil yakuniga qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida 0,6 gektar maydonda koʻrgazmali gidroponika issiqxonasi qurilishiga va Koreya tomonidan moliyalashtirishiga kelishildi hamda institutda mazkur standartlarga mos 5 turdagi issiqxonalar quriladi.

    Shuningdek, Koreya Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda kartoshkachilikda kadrlar salohiyatini oshirish va ilmiy tadqiqotlar olib borish” loyihasi doirasida mazkur standartlar asosida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida 0,5 ga maydonda 1 dona gidroponika issiqxonasi va 7 dona Nethouse quriladi.

    Taqdimot yakunida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hamda Koreya Xalqaro oʻsimlikshunoslik instituti oʻrtasida mazkur standartlardan foydalanish boʻyicha bitim imzolandi.