Ushbu ruknning ilk sonida Shirin shahriga kirish qismining avvalgi – eski holati va yangi koʻrinishi eʼlon qilingan edi. Loyihaning bugungi sonida energetiklar shahri hisoblanmish Shirin shahrida joylashgan “Farhod GES” ning qurilishi va tashkil topishi boʻyicha toʻxtalib oʻtamiz.
“Farhod GES” — Sirdaryoning oʻrta oqimida, Farhod gidrouzelida joylashgan gidroelektr stansiya. GES qurilish haqidagi qaror 1942-yil 18-mayda qabul qilingan boʻlib, qurilish 1943-yil 10-fevralda umumxalq qurilishi sifatida — hashar yoʻli bilan boshlangan.
1948-yilda birinchi gidroagregati ishga tushirilgan, 1949-yil iyun oyidan oʻrnatilgan umumiy quvvati 126 MVt boʻlgan 4 ta gidroagregatli toʻla quvvat bilan ishlay boshladi, 1951-yilda stansiya sanoat foydalanishiga qabul qilindi.
“Farhod” GES Sirdaryo viloyati shahar va tumanlarini, shuningdek, «Bekobodsement», “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” kabi yirik korxonalarni elektr energiyasi bilan doimiy taʼminlab kelmoqda. Quvvatlar 110, 35,6 kilovolt kuchlanishda uzatiladi. Mazkur gidroelektr stansiya Oʻrta Osiyo Birlashgan energetika tizimi (“Energiya” birlashgan dispetcherlik markazi)ga ulangan.
Hozirgi kunda mazkur yirik elektr stansiyasining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida loyiha qiymati 58,7 million yevroga teng modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Ushbu jarayon joriy yilning dekabr oyida toʻliq yakunlanishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Sirdaryo viloyati Shirin shahar hokimligi matbuot xizmati.