Samarqandlik maktab o’quvchilari nufuzli “Young Scholars Award” mukofotini qo’lga kiritishdi

    Keyingi avlod 11 Mart 2024 5572

    Samarqandlik iqtidorli ikki maktab o’quvchilari - Zafar Nurmamadov va Asadbek Oltinovlar bosh qarorgohi Peru poytaxti Lima shahrida joylashgan La Colegios Cruz Saco xalqaro ilmiy izlanish tashkilotining “Young Scholars Award” mukofotini qo’lga kiritishdi.

    15 yoshli Zafar Nurmamadov Samarqand shahar 13- umumta’lim maktabining 11-sinf o’quvchisi bo’lsa, Asadbek Oltinov hali 48- sonli maktabning 9-sinfida o’qiydi. Ushbu mukofot ularning ilmiy izlanishdagi ulkan yutuqlarini e'tirof etish bilan bir qatorda, ularning mehnatsevarligi va fanga bag'ishlanganligidan dalolat beradi.

    O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining natijasini bermoqda. Ayniqsa, so'nggi 8 yil ichida maktablarda bir nechta fanlarni birlashtirgan yagona "Science" dasturini rivojlantirishga alohida e'tiborli. Natijada, maktab o'quvchilari ham tabiiy ham aniq fanlar va ularning aoslarini yaxshiroq tushunish imkoniyatiga ega bo'ldilar Ilmiy to’garaklar va dasturlar kabi tashabbuslar hamfikr o’quvchilarni bir-biriga yaqinlashtirishga yordam beradi va bilim va g'oyalar almashish uchun platforma yaratadi.

    La Colegios Cruz Saco xalqaro ilmiy izlanish tashkiloti - bu fan va texnologiyalar sohasida iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash varivojlantirishga yo'naltirilgan xalqaro ta'lim tashkiloti bo’lib, u turli mamlakatlarda faoliyat yuritib , tabiiy va aniq fanlarni chuqur o'rganishgahamda talabalar o'rtasida tadqiqot ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni taklif etadi. Ularning e'tirofiga sazovor bo'lgan tadqiqot “Uch xil boshqaruv shakliga ega tashkilotlar (Til maktabi, IT tashkilti va shifoxona) dagi boshqaruv tizimlarini differensial tahlil qilish” mavzusida yozilgan. O’zining chuqur nazariy-ilmiy tahlili bilan ajralib turgan tadqiqot dolzarb ekanligi tufayli ham yuksak mukofot bilan e’tirof etildi.

    O’quvchilarga “Young Scholars Award” Mukofotini olishda amaliy ko’maklashgan, ularning ilmiy rahbari, hozirgi kunda AQShning San-Diego Universitetida mustaqil izlanuvcilik qilayotgan Soliyev Muxammadxon quyidagi fikrlarni bildirdi: “Bu muvaffaqiyat yosh iste’dodlarni ilmiy faoliyatlarida ustozlik qilish va qo‘llab-quvvatlash muhimligini ko‘rsatadi. Mukofot ularning mashaqqatli mehnati va ilmiy hamjamiyatga qo‘shgan hissasini e’tirof etadi”.

    Asadbek Oltinov va Zafar Nurmamadov tomonidan mazkur mukofotni qo'lga kiritishi boshqa maktab o'quvchilari va yosh tadqiqotchilar uchun ilhomlantiruvchi namuna bo'lib, mehnatsevarlik, ilm-fanga bo'lgan ishtiyoq va jamoatchilikni qo'llab-quvvatlash xalqaro miqyosda katta yutuqlarga va e'tirofga olib kelishi mumkinligini tasdiqlaydi.