Shohimardonda sayyohlik mavsumi ochildi

    Turizm 17 Iyun 2021 4040

    Fargʻona tumanidagi Shohimardon qishlogʻi va Qirgʻiziston Respublikasining Botken viloyati Qadamjoy tumanida sayyohlik mavsumini ochilishiga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.

    Unda Fargʻona va Botken viloyati hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, sanʼatkorlar va jurnalistlar ishtirok etmoqda.

    Shohimardonning oʻziga xos ohanrabosi, tarovati bor. Borishni niyat qilgan daqiqadan boshlab, bor vujudingiz shu maskanga talpinaveradi.

    Purviqor togʻlari, soʻlim tabiati, zilol soylari, toza havosi har qanday kishini maftun etadi. Hazrat Ali ziyoratgohida esa ruhingiz taskin topib, maʼnan quvvat olasiz.

    Toʻrt tarafi togʻlardan iborat maftunkor bu qishloqning Oqsuv va Koʻksuv soylari dilingizga huzur bagʻishlaydi. Ruhingiz orom olib, butun borliq oʻziga sizni maftun qilib qoʻyadi. Ayni kunlarda koʻhna qishloq sayyohlik maskani sifatida barchani oʻziga chorlamoqda.

    Delegatsiya Qadamjoy tumani chegarasida katta tantanalar bilan kutib olindi.

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Botken viloyati gubernatori Abdukarim Alimboyev oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining doʻstlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganligini, xususan, turizm sohasida hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi. Shundan soʻng bu yerdagi Hazrat Ali qadamjosi ziyorat qilindi.

    Shohimardon qishlogʻidagi ilk manzil- Hazrat Ali ziyoratgohi boʻldi.Bu yerda ikki qardosh davlat vakillari yurtlarimizga tinchlik omonlik tilab, duo qilindi.

    Koʻli Qubbon – Shohimardonning janub tarafida, qishloq markazidan 5 kilometr uzoqlikda, Qirgʻiziston Respublikasi hududida joylashgan.

    3000 metr balandlikdagi togʻ bagʻrida yuzaga kelgan Qubbon koʻli yoki Koʻk koʻl tabiat moʻjizasi sifatida juda goʻzal maskandir.

    Bu yerdagi osma dor yoʻli bugun qayta ishga tushirildi.Endilikda Shohimardonga keluvchilar bu yerda sayohat qilishlari mumkin.

    Mehmonlar bu yerda ham boʻldi, Koʻli Qubbon manzarasi dillarga zavq ulashdi, deya xabar qiladi OʻzA.