«Marshal Jukov» deb nomlanuvchi ushbu badiiy qimmatga ega nodir buyumlar majmui nafis did bilan ishlov berilgan rangin yogʻoch quticha va moʻjaz esdalik ruchkadan iborat. Uni general V.Shamanov oʻtgan haftada Oʻzbekiston delegatsiyasining Rossiyaga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan nashr etilgan “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobining Moskva shahrida oʻtkazilgan taqdimoti paytida delegatsiya rahbari A.Saidovga bergandi.

“Shon-sharaf” davlat muzeyi direktori, polkovnik Muxtorjon Shokirov noyob eksponat uchun minnatdorchilik bildirar ekan, ushbu qimmatli tuhfa muzeyning xorijlik davlat va jamoat arboblari taqdim etgan sovgʻalar boʻlimidan munosib joy egallashini taʼkidladi.

Muzeyga Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari tomonidan keyingi davrda ayni mavzudagi maqolalar chop etilgan gazetalar nusxalari va kitoblar ham taqdim etildi.

Shu kuni Milliy markaz jamoasi “Shon-sharaf” davlat muzeyi eksponatlari va “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining boshqa koʻplab monumentlari bilan tanishdilar.

Maʼlumot uchun: “Shon-sharaf” davlat muzeyiga 2020-yil oktyabr oyidan to bugungi kunga qadar, koronavirus sharoitiga qaramay, 400 ming nafardan ortiq ziyoratchi tashrif buyurgan.

Muzeydagi eksponatlarning jami soni 30 mingtaga yaqin boʻlib, shundan 12 mingtasi namoyishga qoʻyilgan. Bu tarixiy ashyolarning aksariyati yurtdoshlarimiz – urush ishtirokchilari va mehnat fronti qatnashchilarining oila aʼzolari tomonidan muzeyga tuhfa etilgan.

Yaqinda muzeyning nodir eksponatlari qatoridan akademik A.Saidovning “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobi ham joy oldi, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.