Bu, oʻz navbatida, gʻururimizni yuksaltiradigan muvaffaqiyatlar salmogʻining yildan yilga ortishiga sabab boʻldi. Ayniqsa,
2025-yilda sport sohasida qoʻlga kiritilgan natijalar Vatanimizning xalqaro maydondagi obroʻsi yuksalishi, salomatlik harakati keng yoyilishida muhim ahamiyatga ega.
Darhaqiqat, oʻtayotgan yil sport sohasida mazmunan yangi bosqichni boshlab bergan, tarixiy yutuqlar bilan yodda qoladigan davr boʻldi. Yurtimizda sport maktablari, zamonaviy sport inshootlari faoliyati sifat jihatidan yangi bosqichga chiqib, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va qoʻllab-quvvatlash uchun mustahkam poydevor yaratildi. Oʻzbek sporti tarixida qayd etilgan natijalar milliy sport maktabining salmoqli salohiyatini namoyon qildi.
Shu bilan birga, bu yil ommaviy sportni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratildi. Aholi, ayniqsa, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida sport bilan muntazam shugʻullanishga qiziqish sezilarli darajada ortdi, jismoniy faoliyat odatiy hayot tarziga aylana boshladi.
Sport vazirligi maʼlumotiga koʻra, aholini sogʻlom turmush tarzi, ommaviy jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida yil davomida oʻtkazilgan 82 ming 45 ta sport musobaqasi va tadbirlarida
10 million 400 ming kishi, jumladan, 4 million xotin-qiz ishtirok etgan.
Mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar oʻrtasida 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan ommaviy sport musobaqalarida ishtirok etish istagidagi 7,3 millionga (shundan 3,4 million nafari qizlar) yaqin yoshlar 5tashabbus.uz sayti orqali elektron roʻyxatdan oʻtgan. Ularning 6,6 million nafari yoki 78 foizi ommaviy sport musobaqalarida ishtirok etgan. Maʼlumot uchun: 2023-yilda 6,3 million, 2024-yilda 6,5 million oʻgʻil-qiz ommaviy sport musobaqalarida qatnashgan.
Mazkur sport musobaqalari mahallalarning 16-30 yoshli aholisi oʻrtasida 13 ta sport turi — yengil atletika, stol tennisi, vorkout, shaxmat, shashka, armrestling, voleybol, stritbol, kurash, futbol, mini futbol, gandbol, gimnastrada boʻyicha 5 bosqichda mart-avgust oylarida tashkil etildi.
Sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar xizmat joylari, boshqaruv tizimining turli boʻgʻinlarida ham yoʻlga qoʻyib borildi. Bu sportning kundalik hayotimizdagi ajralmas qismga aylanishiga xizmat qildi.
Joriy yil aprel-may oylarida “Sogʻlom tanda — sifatli taʼlim” shiori ostida “Kasaba uyushmasi kubogi” uchun umumtaʼlim maktablari xodimlari oʻrtasida mini futbol, voleybol, shaxmat, shashka va stol tennisi boʻyicha uch bosqichli ommaviy sport musobaqalari oʻtkazildi. Ularda 10 mingdan ziyod maktabda faoliyat yuritayotgan 280 ming xodim ishtirok etdi.
Shuningdek, joriy yilda vazirlik, idora va tashkilotlarning quyi tizimdagi (tuman, shahar) xodimlari uchun alohida musobaqalar oʻtkazildi. Sportning 5 turi boʻyicha 2 bosqichli sport musobaqalari iyul-avgust oylarida tashkil etildi. Musobaqalarda idora va tashkilotlarning 28 mingdan ortiq xodimi ishtirok etdi.
Ilgari sport sohasida muammolar qalashib yotar, ularning aksariyati yillar davomida toʻplanib qolgan, sohaning barqaror rivojiga toʻsiq boʻlib kelgan masalalar edi. Bugun esa ushbu muammolarga yuzma-yuz qarab, ularni yashirish yoki kechiktirish emas, balki izchil va aniq mexanizmlar orqali bartaraf etish yoʻli tanlandi. Natijada boshqaruvdagi parokandalik, infratuzilmadagi yetishmovchilik, kadrlar tayyorlashdagi nuqsonlar va ommaviy sport bilan yuqori natijali sport oʻrtasidagi uzilishlar bosqichma-bosqich oʻz yechimini topdi.
Bir paytlar ayrim sport turlari boʻyicha oʻtkaziladigan mamlakat miqyosidagi chempionat va rasmiy musobaqalarni birov bilib, birov bilmay qolardi. Qaysi sportchi qanday natija qayd etgani mamlakat sport nashrlari tugul, hududlardagi sport tashkilotlarida, alohida sport maktablarida, sport taʼlimi yoʻnalishlarida tahlil etilmas, monitoring ishlari oʻlda-joʻlda edi.
Bugun esa vaziyat tubdan yangicha, tezkor, shiddatli koʻrinishga keldi. Yurtimizda sportchilarni roʻyxatga olishning yagona elektron tizimi joriy etilishi natijasida hozir nafaqat Oʻzbekiston chempionati, balki hududiy musobaqalar, ularda qatnashayotgan yosh sportchilarning natijalari tegishli sport federatsiyalarida, taʼlim muassasalaridagi mutaxassislar ishtirokida koʻrib chiqilmoqda, tahlil etilmoqda. Sportchilarga unvon va razryadlarni berish tizimida shaffoflikni taʼminlash ishlarida ijobiy koʻrsatkichlar qayd qilinmoqda.
Joriy yilning ortda qolgan oylari yakuniga koʻra, mamlakatimiz boʻyicha umumiy hisobda 27 ming 167 nafar razryadli va unvonli sportchi tayyorlandi. Shundan 26 ming 707 nafari razryadli, 460 nafari unvonli sportchilardir. Natijada ular soni oʻtgan davrga nisbatan 14,5 foiz oshdi.
Sport yilnomasi: sifat jihatidan yangi bosqich, yangi daraja
Keyingi yillarda kundalik turmush tarzimizga “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Olimpiya choʻqqilari” kabi oʻnlab atama va tushunchalar kirib keldi. Bu nafaqat davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan mutaxassislarni, balki mamlakatimizdagi barcha tarmoqlar, aholi qatlamlarini yagona maqsad sari birlashtiradi.
Shu maqsadda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonda sport orqali aholi salomatligini mustahkamlash, xalqaro maydonda raqobatbardosh terma jamoalarni shakllantirish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan.
Joriy yilda olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari 250 dan ortiq nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etdi. Xususan, III yoshlar Osiyo oʻyinlari, VI Islom birdamligi oʻyinlari, shuningdek, olimpiya sport turlari boʻyicha Osiyo va jahon chempionatlari, Osiyo va jahon kuboklari va boshqa musobaqalarda 500 dan ortiq sportchimizning ishtiroki uchun zarur shart-sharoit yaratildi.
Dzyudo, taekvondo WT, qilichbozlik, gimnastika, sinxron suzish, suzish, erkin kurash, ayollar kurashi, yunon-rum kurashi, akademik eshkak eshish hamda ogʻir atletika boʻyicha milliy terma jamoamiz aʼzolari olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha 20 ga yaqin jahon chempionatida qatnashdi.
Milliy kurashni dunyo miqyosida ommalashtirish borasida ham salmoqli ishlar bajarildi. Bu soʻnggi yillarda koʻplab davlatlarda jahon va qitʼa chempionatlari, xalqaro musobaqalar yuqori saviyada oʻtkazilganida oʻz aksini topdi.
Joriy yilda Tojikiston va Turkmanistonda xalqaro musobaqalar, Vyetnamning Vung Tau shahri va Janubiy Koreyaning Anyang shahridagi musobaqalar hamda boshqa yirik tadbirlar doirasida 8 ta xalqaro kurash musobaqasi tashkil etilib, ularda 1800 dan ziyod sportchi ishtirok etdi. Bu kurashning qitʼalar orasida tobora keng ommalashayotganidan dalolat beradi.
Olimpiya harakatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida futbolga katta eʼtibor qaratila boshladi. Sport vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalari, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi futbol akademiyalari va maktablari, shuningdek, professional futbol klublarining futbol akademiyalarida shugʻullanuvchilar soni 32 ming 333 kishiga yetkazilib, raqobatbardosh futbolchilar zaxirasi shakllantirildi.
Mazkur saʼy-harakatlar Oʻzbekistonda olimpiya harakatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Terma jamoalarimizning yirik xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, koʻpayib borayotgan medallar soni va sport infratuzilmasining kengayishi jahon sport xaritasida yangi Oʻzbekiston qiyofasini yanada yorqin namoyon etayotir.
2025-yil yakunlariga koʻra, sport taʼlimi muassasalariga qoʻshimcha 58 ming 482 iqtidorli sportchi oʻgʻil-qiz qabul qilinib, natijada muntazam shugʻullanuvchilar soni 11,5 foiz oshdi. Mamlakat boʻylab 300 dan ortiq sport maktabi va ixtisoslashtirilgan sport taʼlimi muassasalari tashkil etilayotgani jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanuvchilar ulushining 30 foizga yetishiga zamin hisoblanadi.
Sport maktablarida aholi soni va hududlarning ixtisoslashuvini inobatga olgan holda, olimpiya sport turlari boʻyicha 200 dan ortiq yangi sport seksiyasi ish boshladi. Mazkur saʼy-harakatlar, yaratilgan qulayliklar kelgusida joylarda mahoratli sportchilarni tayyorlash borasidagi ishlarni, murabbiylarning salohiyatini monitoring qilib borish, tahlil etish, zarur xulosalar chiqarishga maydon yaratdi.
Prezidentimiz tashabbusi va davlat dasturlarida belgilangan yoʻnalishlar orqali sport sohasi nafaqat sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, balki mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonda yuksaltirishning asosiy vositasiga aylanib ulgurdi.
Islohotlar jarayonida asosiy eʼtibor “Sogʻlom avlod — sogʻlom kelajak” tamoyiliga qaratilgan. Zero, kuchli davlat qurishning, jamiyatda maʼnaviy va intellektual yuksalishga erishishning poydevori sogʻlom va barkamol avloddir. Shu bois, yurtimizda sport infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy sport majmualarini barpo etish, ommaviy sportni keng targʻib qilishga katta ahamiyat berilayotir.
Xususan, mamlakatimizda 2017-2024-yillardagi islohotlar jarayonida sportni rivojlantirishga qaratilgan qator dasturlar qabul qilindi. Bu, oʻz navbatida, aholi, ayniqsa, yoshlarning sportga qiziqishini oshirdi. Natijalar esa birma-bir boʻy koʻrsatdi. Misol uchun, 2024-yilgi Parij olimpiya va paralimpiya oʻyinlarida yurtimiz sportchilari munosib ishtirok etib, umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egallagani bu yoʻnalishdagi samarali ishlar natijasidir.
Bunday yutuqlarni qoʻlga kiritishda sportchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish, ularning tayyorgarligini xalqaro mezonlar asosida tashkil etishning ahamiyati yanada oshadi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tariximizda ilk bor “Olimpiya shaharchasi” qurilishiga kirishildi. Bu majmua nafaqat zamonaviy sport infratuzilmasi, balki milliy sport siyosatida yangi bosqichning ramzidir.
2022-yil 9-noyabr kuni tamal toshi qoʻyilgan ushbu shaharcha Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va oʻzbek sportining olamshumul yutuqlari ramzi boʻlib qolishi lozim edi. Oradan qisqa vaqt oʻtdi va bu orzu amalga oshdi. Yuz gektardan ortiq maydonda qurilgan Olimpiya shaharchasi bugun nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyodagi eng yirik va zamonaviy sport maskani sifatida barpo etildi.
Mazkur majmua sportchilar bilan birga tomoshabinlar, murabbiylar, turli sport federatsiyalari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun ham qulaylik yaratib, sport sohasining barcha tarmoqlarini oʻzaro uzviy bogʻlaydigan ulkan markazga aylandi.
Olimpiya shaharchasi sport fanlari markazi sifatida ham tashkil etilgan. Bu yerda Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqot instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi joylashtirilgan. Shu tariqa sport ilmi, tibbiyoti va amaliyoti uygʻunlashgan holda ish yuritiladi. Sport tibbiyoti markazi orqali sportchilarning salomatligini muntazam nazorat qilish, tiklanish jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish mumkin.
Davlatimiz rahbari joriy yil 18-avgust kuni Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasidan tashqari Yuqori Chirchiq tumanidagi Milliy futbol markazi faoliyati bilan ham tanishgan edi.
Yaqin yillargacha Oʻzbekiston terma jamoalari tayyorgarligi asosan Toshkentdagi Bunyodkor akademiyasi maydonlari va turli hududiy stadionlarda oʻtkazilardi. Bir vaqtning oʻzida bir nechta terma jamoani tayyorlash imkoniyati cheklangandi. Futbol mutaxassislari tayyorgarligi ham toʻliq yoʻlga qoʻyilmasdi. Murabbiy va hakamlar kurslari alohida oʻtkazilgani bilan ilmiy-tadqiqot yoki tahlil markazlari yoʻq edi. Zamonaviy seleksiya tizimi ham yoʻlga qoʻyilmagani uchun iqtidorli yoshlarni saralash murakkab kechardi. Shuningdek, sport tibbiyoti sohasida ham katta boʻshliqlar bor edi. Jarohatlangan futbolchilar koʻpincha xorijda davolanishga majbur boʻlardi. Zamonaviy trenajyorlar, krioterapiya kabi tiklanish usullari mavjud emasdi. VAR tizimi ayrim stadionlarda qoʻllangan, ammo markazlashgan kuzatuv majmuasi yoʻq edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qisqa muddatda barpo etilgan Milliy futbol markazi barcha yoʻnalishni birlashtiruvchi zamonaviy platforma sifatida ish boshladi.
Markazda bir vaqtning oʻzida 6 ta terma jamoa oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazishi mumkin. Inshoot tarkibiga stadionlar, oʻquv binolari, sport zallari, mehmonxona, shuningdek, plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya boʻlimi kiradi. Bu yechimlar sportchining kundalik mashgʻulotidan tortib, tiklanishigacha uzluksiz zanjir harakatini taʼminlaydi. Natijada vaqt tejaladi, sifat oshadi, xavfsizlik kafolatlanadi.
Majmuada futbolchi va mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladigan toʻrtta yadro tuzilma tashkil etilgan: Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi hamda Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi. Shu bilan birga, “VAR markazi”ning oʻrnatilishi boshqaruv, tahlil va hakamlik madaniyatini yangi pogʻonaga koʻtaradi. Natijalar oshkora, qarorlar tezkor, maʼlumotlar esa metrikalarga tayanadi.
Akademiyada yosh isteʼdod egalarini aniqlash va tarbiyalash tizimi xalqaro qoidalarga mos ravishda yoʻlga qoʻyilgan: Argentina, Vengriya, Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb etilgani oʻquv dasturlari mazmunini boyitadi, trenerlik, hakamlik, seleksiya va tahlil sohalarida integral qobiliyatni shakllantiradi. Bu yosh futbolchining texnikasidan tashqari, fikr tezligi, qaror qabul qilish madaniyati va raqobat ruhini ham kuchaytiradi.
Tarixiy gʻalaba va yoshlar muzaffariyati — oʻzbek futbolining yorqin qiyofasi
Bunyodkorlik ishlari, natijalar, muvaffaqiyatlar orasida roʻy bergan tarixiy voqealar hech qanday tasodif yoki bir kunlik omad mahsuli emas, balki yillar davomida shakllangan aniq maqsad, qatʼiy siyosiy iroda va bosqichma-bosqich bajarilgan tizimli ishlar samarasidir.
Osiyo qitʼasida futbol boʻyicha jahon chempionati uchinchi saralash bosqichining 9-turida Oʻzbekiston terma jamoasi safarda BAA termasiga qarshi oʻyin oʻtkazdi. 0:0 hisobidagi durangdan soʻng terma jamoamiz ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasiga ega chiqdi. Shu tariqa Oʻzbekiston futboli tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Bu mamlakatimiz futbolidagi keng qamrovli islohotlarning mantiqiy natijasi boʻlib, nafaqat futbolchilarimiz, balki butun xalqimizning ushalmasdek koʻringan orzusini roʻyobga chiqardi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bugunga qadar jahon chempionatining jami
7 ta saralash bosqichida ishtirok etgan va turli bosqichlarda musobaqadagi ishtirokini yakunlagan. Eng yomon natijamiz 2022-yilda qayd etilgan. Oʻshanda ikkinchi bosqichda 15 ochko jamgʻarib, uchinchi bosqichga oʻta olmadik. Ushbu armon va alamli natijalardan soʻng futbolni yanada rivojlantirish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratila boshladi.
Prezidentimiz rahbarligida 2023-yil 28-aprelda oʻtkazilgan yigʻilishda futbol infratuzilmasini tubdan yangilash, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida futbolni ommalashtirish, tajribali murabbiylar va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur koʻrsatmalar ijrosi yuzasidan 2024-yilda Respublika futbol akademiyasi negizida Milliy futbol markazi tashkil etildi. Shu bilan birga, futbol boʻyicha ilmiy-tadqiqot va uslubiy markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Keng koʻlamli saʼy-harakatlar natijasida Oʻzbekiston futbolining turli yosh toifalaridagi jamoalari xalqaro arenalarda munosib natijalarga erishib kelmoqda. Coʻnggi yillarda U-17, U-20 va U-23 terma jamoalarimiz jahon chempionatlari va olimpiadaga chiqishdek yuksak natijalarga erishdi. Endi esa ushbu barkamol avlod va milliy tizimda shakllangan zamonaviy futbol falsafasi milliy terma jamoamizni ham jahon chempionati sahnasiga olib chiqdi.
Prezidentimizning 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda futbolning ommaviyligini oshirish, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash hamda professional darajada tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish, trener va hakamlarni xalqaro talablar asosida tayyorlash va mahoratini yuksaltirish, futbol infratuzilmasini yaxshilash hamda oʻrnatilgan standartlarga moslashtirishda muhim zamin boʻldi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) shafeligida har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo kubogi katta sport ostonasida turgan yoshlar uchun mahorat va tajriba maktabi boʻlish bilan birga qitʼamiz terma jamoalari uchun U-17 yosh toifasidagi jahon chempionatiga yoʻllanma beradigan yagona musobaqa hamdir.
Ana shunday nufuzli musobaqaning bu galgisi Saudiya Arabistonida tashkil etildi. Unda qitʼamizning 16 jamoasi 4 guruhga boʻlingan holda gʻoliblik va Qatarda oʻtadigan mundial yoʻllanmasi uchun kuch sinashdi.
Qariyb bir oy davom etgan Osiyo kubogi bahslarining soʻnggi — hal qiluvchi oʻyini Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston terma jamoalari oʻrtasida Toif shahridagi “Podshoh Fahd” stadionida oʻtkazildi. Oʻzbekistonlik futbolchilar Saudiya Arabistoni terma jamoasini 2:0 hisobida yutib, oʻz tarixida ikkinchi marta Osiyo chempioni boʻldi.
Zafarlar zafarlarga ulanib, shunday qizgʻin pallaga kirib keldik: ilgari futbolda oʻz oʻrnini topa olmagan, yashil maydonlarda tan olinmagan mamlakat bugun nafaqat milliy terma jamoasini xalqaro maydonlarda namoyish etish imkoniga ega boʻldi, balki boʻlgʻusi yirik jahon chempionatlariga mezbonlik qilish salohiyatiga ham erishdi.
Joriy yil 2-oktyabr kuni FIFA kengashi yigʻilishida futbol boʻyicha 20 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida 2027-yilgi jahon chempionatini Oʻzbekiston va Ozarbayjonda oʻtkazish qarori qabul qilindi. Uning doirasidagi oʻyinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda oʻtkaziladi. Final va yarim final oʻyinlari sigʻimi 50 mingdan koʻp boʻlgan stadionda oʻtkazilishi FIFA talablaridan biridir.
Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim yana bir yirik loyiha — Yangi Toshkent stadioni qurilishiga start berildi. Prezidentimiz 11-noyabr kuni zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qoʻydi. Yangi Toshkent hududidagi barcha loyihalar zamonaviy meʼmorlik va milliy qadriyatlar uygʻunligida ekologik va “aqlli” boshqaruvga asoslanib barpo etilmoqda. Shu umumiy konsepsiya asosida quriladigan yangi stadion ham tabiat bilan uygʻun boʻladi hamda “yashil” energiya va “qulay muhit” tamoyillariga asoslanadi.
Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri boʻladi. Bu inshoot nafaqat 2027-yilgi 20 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasidagi jahon chempionati, balki butun oʻzbek futboli va yoshlar sportining kelgusi rivoji uchun ham xizmat qiladi. 55 ming oʻrinli yangi stadion milliy jamoamizdan tashqari professional klublarimiz uchun ham katta imkoniyat yaratadi. Endi nufuzli xalqaro musobaqalarni yurtimizda oʻtkazish, dunyo futboli elitasi bilan hamkorlik qilish imkoni paydo boʻlmoqda.
Prezidentimizning “2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa ushbu jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etishda muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Yakunlanayotgan yilning xushxabarlari
Noyabr oxirida davlatimiz rahbari boshchiligida Olimpiya shaharchasida boshlangan tantanali sport bayrami tarixiy gʻalabalarga ulanib, katta shodiyonaga aylandi. Prezident Olimpiadasi sport musobaqasining tantanali ochilish marosimi vaqtida oʻzbek grossmeysteri Javohir Sindorov shaxmat boʻyicha jahon kubogi sohibi boʻlgani toʻgʻrisidagi xushxabar millionlab koʻngillarga gʻurur, shukuh olib kirdi.
Hali 20 yoshga kirmagan yigit butun shaxmat dunyosi eʼtiborini yana bir bor Oʻzbekistonga qarata oldi. Hindistonning Goa shahrida oʻtgan jahon kubogi finalida u xitoylik Vey Ini taslim qildi va shunchaki gʻolib emas, tarixdagi eng yosh chempion boʻldi. Bu rekord 20 yildan buyon Levon Aronyan qoʻlida edi. Endi esa uni oʻzbek yigiti yangiladi.
Qolaversa, u 2026-yilgi Daʼvogarlar turniriga yoʻllanmani ham qoʻlga kiritdi. Javohirning bu gʻalabasi oʻzbek sportchilarining yangi avlodi katta sport maydoniga yuksak shijoat va soʻnmas gʻayrat bilan kirib kelayotganini koʻrsatdi.
Oʻtayotgan yil davomida yurtimiz sportchilari qator kompleks musobaqalarda olamshumul natijalarga erishdi. Olimpiya va paralimpiya yoʻnalishidagi sport turlarida 50 dan ziyod jahon va qitʼa chempionatlarida 700 ga yaqin medallar shodasi qoʻlga kiritilgani Oʻzbekiston sportining xalqaro nufuzi yildan yilga yuksalib borayotganidan dalolat.
2025-yil yangi Oʻzbekiston tarixida yana bir sahifa ochdi. Sportchilarimiz Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida V Yoshlar Paraosiyo oʻyinlarida tarixiy gʻalabaga erishdi. Shu orqali ular bir necha rekordni yangilab, Osiyo qitʼasida 1-oʻrinni egalladi. BAAda 35 davlatning 1312 yosh parasportchisi ishtirokidagi murosasiz bahslarda hamyurtlarimizning 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egallagani yangi Oʻzbekiston yoshlarining salohiyatini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Prezidentimiz joriy yil 11-dekabrdagi “Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan parasportchi yoshlarga yana bir karra katta ishonch bildirdi. Bunday imkoniyat va eʼtibor yoshlarga qanot bagʻishladi. Davlatimiz rahbarining ishonchidan ruhlangan sportchilarimiz 35 davlatdan kelgan tengdoshlari orasida gʻalabaga intilishi bilan ajralib turdi. Ular nafaqat yutuqlari, balki oʻziga ishonchi, koʻtarinki kayfiyatda bahslarga kirishishi bilan ham koʻzga yaqqol tashlandi. Ana shu koʻtarinkilik, ishonch musobaqalarda oʻz soʻzini aytdi. Paraosiyo oʻyinlari biz uchun rekord va eksklyuziv natijalarga boy boʻldi. Qolaversa, sportchilarimiz koʻplab jahon va Osiyo rekordlarini oʻrnatdi. Ularning bunday shonli yurishi xalqaro maydonga yangi, yosh va jasoratli sport jamoasi kirib kelayotganini koʻrsatdi.
Shuningdek, qarorda nogironligi boʻlgan shaxslarning paralimpiya sport turlariga qiziqishini oshirish vazifasi qoʻyildi. Mamlakat rivoji ruhan tetik shaxslarga bogʻliq. Zero, bunday insonlarda hayotsevarlik, ertangi kunga ishonch kuchli boʻladi. Ulardagi ana shu quvvat butun jamiyatga ijobiy taʼsir qiladi. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarni sportga qiziqtirish orqali jamiyatimizda mana shunday ijobiy kayfiyat yanada mustahkamlanib bormoqda.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining joriy yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) boʻlib oʻtadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori qator imkoniyatlar taqdim etish orqali paralimpiya oʻyinlariga yanada koʻtarinki ruhda, har tomonlama puxta hozirlik koʻrishga zamin hozirladi.
Bunday islohotlarni sanashda davom etish va ularning ahamiyatini baholashga hali koʻp qaytamiz. Muhimi, ushbu xayrli ishlar kerakli shart-sharoitni yaratibgina qolmay, imkoniyatlar majmui sifatida qamrovni keng oldi. Bu esa oldimizga yanada yuqori marralarni zabt etish vazifasini qoʻyadi, harakatlarimizga aniq yoʻnalishni belgilaydi va har bir qadamni rejalashtirishda samarali asos boʻlib xizmat qiladi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri