Dasturiy ilova Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda 2022-2023-yillarga mo'ljallangan “Sho'rlangan qishloq xo'jalik yerlari meliorativ holatini yaxshilashda zamonaviy texnologiyalarni qo'llash va ma'lumotlarni tezkor qayta ishlashga yo'naltirilgan mobil ilova yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi asosida amalga oshirilmoqda.

Ilova er resurslari va tuproq sifatini boshqarish, qishloq xo'jaligini yanada samarali rivojlantirish, tezkor va aniq, masofadan qat'iy nazar suv resurslari, mineral va organik o'g'itlardan maqsadli foydalanishga qaratilgan.

— Bugungi kunda respublikamizdagi sug'oriladigan qishloq xo'jaligi yerlarining sho'rlanganlik darajasini aniqlash, ularning unumdorligini saqlash, qayta tiklash, oshirish, ularni sho'rsizlantirishda zamonaviy yangi usullarni qo'llash va sho'rlanishga oid ma'lumotlarni tezkor qayta ishlash hamda boshqarish dolzarb vazifalardan hisoblanadi, — deydi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bo'lim mudiri, biologiya fanlari falsafa doktori (RhD) Jamolbek Turdaliyev. — Respublikada yer va suv resurslaridan intensiv va samarali foydalanishning innovatsion usullari, qishloq xo'jaligi erlarining meliorativ holati unumdorlik darajasini saqlashga xizmat qiladi. Lekin hozirgi kunda respublikamizda qishloq xo'jaligi yerlari sho'rlanishni oldini olish, oqibatlarini yaxshilashga qaratilgan zamonaviy yangi usullarni qo'llash va  ma'lumotlarni tezkor qayta ishlashga yo'naltirilgan foydalanuvchilar uchun interaktiv xizmat ko'rsatuvchi axborot texnalogiyalar ishlab chiqish borasida tuproq, tuproq-sho'rlanish, tuproq-baholash xaritalarini ishlab chiqishda hanuzgacha avtomatlashtirilgan geoaxbarot tizimlaridan foydalanish to'liq tadbiq etilmagan. Ushbu sohada geoaxborot tizimli mobil dasturlarini ishlab chiqish bo'yicha amaliy ishlanmalar mavjud emasligi ushbu vazifalarning dolzarbligini ko'rsatadi.

Bu geoxaritadan foydalanadigan GAT (Geologik axborot tizimi) “offline” rejimda ishlaydigan dastur hisoblanadi. Ushbu ilova sug'oriladigan qishloq xo'jaligi yer turkumlari bo'yicha grafik ma'lumotlar, shuningdek, viloyat, tuman, massivlar va kadastr chegarasini taqdim etadi. Dasturning asosiy vazifasi tuproqda sodir bo'layotgan jarayonlarni tadqiqotlar yordamida o'rganib, olingan ma'lumotlarni tahlil qilishdan iborat.

Mobil ilova tayyorgarlik, dala-tuproq ishlari va analitik tahlillar asosida olingan tuproq namunalari natijasi bo'yicha o'rganiladigan, massiv sug'oriladigan yerlarining “Tuproq sho'rlanish kartogrammasi”ni tuzish orqali yerlarning meliorativ holati to'g'risidagi sho'rlangan yerlar to'g'risidagi ma'lumotlarni taqdim qiladi.