Eslatib oʻtamiz, ushbu loyihaning taxminiy qiymati 1,8 milliard dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida “GTL” zavodida ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash natijasida, yiliga, yuqori likvidli boʻlgan 280 ming tonnagacha polietilen va 100 ming tonnagacha polipropilen ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Buyuk Britaniyaning “HIS Markit” kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan marketing tadqiqotlar natijasida yangi zavodda polietilen va polipropilenning yuqori talabga ega markalarini ishlab chiqarish taklif etildi.
Yangi zavodda ishlab chiqarilishi moʻljallangan yuqori zichlikdagi polietilen va polipropilen keng sohalarda ishlatilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ular quvurlar, plenka va tolalar ishlab chiqarish hamda ekstruziya jarayonlariga moʻljallangan. Bu turdagi mahsulotlar hozirgi kunda nafaqat Oʻzbekistonda, balki yaqin xorijda ham ishlab chiqarilmaydi.
Loyihani moliyalashtirish maqsadida Rossiyaning “Gazprombank” AJdan 300 million dollar kredit jalb qilindi. Bundan tashqari loyihaviy moliyalashtirish tamoyiliga asoslangan kredit mablagʻlarini jalb etish maqsadida Xitoy davlat rivojlanish banki, Sinoshur eksport-kredit agentligi va Yevropa moliyaviy institutlar bilan ishlar olib borilmoqda.
Shu kunga qadar loyiha doirasida yuqori malakaga ega boʻlgan Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyasi tomonidan kengaytirilgan bazaviy loyihalashtirish (FEED) ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari loyiha doirasida dunyoda taniqli boʻlgan ishlab chiqarish litsenziarlari tanlangan boʻlib, ular AQSHning “Shevron Pilliphs Chemical” (poliyetilen ishlab chiqarish) va “McDermott” (polipropilen ishlab chiqarish va nafta krekingi qurilmasi) kompaniyalaridir.
Loyihani amalga oshirish uchun Singapurning “ENTER Engineering” kompaniyasi bilan batafsil loyihalashtirish, uskunalarni sotib-olish va qurish uchun shartnoma imzolandi.
Bugungi kunga qadar YERS – pudratchi tomonidan loyihaga jami 528 yuqori malakali mutaxassis jalb etilgan. Loyiha doirasida batafsil loyihalashtirish ishlari 46 foizga yakunlandi.
Batafsil loyihalashtirish ishlariga Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering” va “DJS ENGINEERING AND CONSTRUCTION” kompaniyalari jalb etilgan boʻlib, ularning yuqori malakali va katta tajribaga ega boʻlgan muhandislari “Oʻzbekneftgaz” AJ va Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda loyihalashtirish ishlarini amalga oshiryapti.
Loyihani amalga oshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun buyurtmachiga yordam berish maqsadida “Bureau Veritas Certification service” kompaniyasi ham jalb etilgan.
Hozirgi kunga kelib asosiy uskunalarni yetkazib beruvchilarni oldindan saralash jarayoni davom etyapti. Umumiy 381 tadan 110 ta asosiy texnologik uskunani ishlab chiqarishga buyurtma berildi.
Jumladan Germaniyada sovitish va mahsulotni qadoqlash va izobutan-azot qayta ishlash uskunalari, polimerizatsiya reaktor agitatori, polimerizatsiya reaktori, Xitoy Xalq Respublikasida polietilen kukuni va mahsulotni transfer qilish uskunasi hamda sfera rezervuari, Janubiy Koreyada polipropilen kukuni va mahsulotni transfer qilish uskunasi va retsikl izobutan nasosi, Fransiyada polimer kukuni va qoʻshimchalar yetkazish uskunalari, Italiyada sovitish uskunasi va xalqasimon reaktor, AQSHda reaktor sirkulyatsiya nasosi, Kanadada “Blow Film” ekstruder qurilma paketi, Turkiyada “Zaxira rezervuari-1”, “Zaxira rezervuari-2”, Gollandiyada “Rezervuar” va “Kreking pechi (SRT Furnaces)” kabi uskunalar buyurtma asosida tayyorlanyapti.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida Oʻzbekistonda polietilen hamda polipropilen ishlab chiqarish hajmlari oshirilib, yurtimizda sifatli va eksport tovarlar ishlab chiqarish uchun zamin yaratiladi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati.









