Belgilab berilgan vazifalar va topshiriqlar ijrosini bajarish maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida “Ishchi guruh” tuzilib, Qashqadaryo viloyati hududida joylashgan “Shoʻrtan” gaz kondensat konining yangi istiqbollarini aniqlashga qaratilgan 3D seysmik-qidiruv ishlari boshlandi.
2021-yilning ilk kunlaridanoq, “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan “Shoʻrtan” koni va uning atrofidagi jami 620 kv.km. hajmdagi maydonlarda 3D seysmik-qidiruv ishlari toʻliq bajarildi.
Ushbu 3D seysmik-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun bu sohada dunyoda yetakchi hisoblangan “INOVA” (AQSH) kompaniyasining yangi seysmik uskuna va dastgohlaridan foydalanildi.
Shuningdek 400 dan ortiq mahalliy va xorijiy seysmik-qidiruv ishlari mutaxassislari hamda 50 dan ortiq maxsus texnikalar safarbar qilingan.
Amalga oshirilayotgan 3D seysmik-qidiruv ishlarining sifat koʻrsatkichlari malakali mutaxassislardan iborat “Supervayzerlar guruhi” tomonidan doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda.
Olingan maʼlumotlar esa “Maʼlumotlarni qayta ishlash” markazlariga yetkazib berilib, tezkor tartibda qayta ishlanmoqda.
Bajarilayotgan 3D seysmik-qidiruv ishlari natijasida, “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufida mavjud boʻlgan eng soʻnggi rusumdagi serverlar, zamonaviy kompyuter texnologiyalari va ilgʻor dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda raqamli geologik modellashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Natijada, hududdagi barcha konlarning, ayniqsa “Shoʻrtan” konining yangi istiqbollari baholanadi, tabiiy gazga toʻyingan yangi qatlamlar aniqlanadi, neft va gazga istiqbolli boʻlgan yangi maydonlar, uchastkalar ajratiladi hamda yangi quduqlarni burgʻilash nuqtalari belgilab beriladi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini samarali amalga oshirish, yil yakuni boʻyicha belgilangan barcha prognoz koʻrsatkichlarini toʻliq bajarishni taʼminlash maqsadida, ushbu tadbirlarga sohaning eng malakali geolog va geofizik mutaxassislari jalb etildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari belgilangan barcha prognoz koʻrsatkichlarini samarali bajarish, neft va gazning sanoat miqyosidagi zaxiralarini oʻstirish, bu orqali esa Respublika uglevodorod xom ashyo bazasini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshishni maqsad qilgan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Respublikaning Ustyurt, Gazli, Muborak va Shoʻrtan zonalarining istiqbolli maydonlarida uglevodorod zaxiralarini oʻstirish va yangi neft va gaz konlarini ochishga yoʻnaltirilgan geologiya-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati