“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida Qashqadaryodagi “Shoʻrtan” koni shtabida sayyor yigʻilish oʻtkazildi.
Tadbirda “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan 2021-yilda bajarilgan geologiya-qidiruv ishlari, ularning natijalari hamda 2022-yilda geologik tadbirlarni amalga oshirishni jadallashtirish, zahiralarni oʻstirish, yangi maydonlarni aniqlash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar, ularning kelgusi istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlashga boʻyicha ishlar muhokama qilindi.
Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Shoʻrtan” koni shtabida oʻtkazilgan yigʻilishda “OʻzLITINEFTGAZ” AJ, Davlat geologiya qoʻmitasi, “Oʻzbekgeofizika” AJ, “IGIRNIGM” DM kabi korxonalarning rahbarlari, masʼul mutaxassislari, ilmiy xodimlari, shuningdek hududlarda geofizik tadqiqotlarni olib borish, quduqlarni burgʻilash va tabiiy gaz qazib chiqarish boʻyicha faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, muhandislar, geolog va geofiziklar ishtirok etishdi.
Dastavval, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan 2021-yilning yanvar-avgust oylarida bajarilgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammoli masalalar hamda ularning yechimlariga doir takliflarning muhokamasi oʻtkazildi.
2021-yilda “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan 1410 kv.km 3D seysmik ishlar bajarildi, 22 ta yangi maydonlar burgʻilashga kiritildi, 139 ming metrdan ortiq burgʻilash ishlari bajarildi, 5 ta – yaʼni, “Ijobat”, “Gʻarbiy Quyi Surgil” va “Razzoqbobo”, “Quyi Sharqiy Berdax” va “Chetqum” yangi gaz konlari ochildi, 42 mln. tonna shartli yoqilgʻi miqdorida uglevodorod zahiralari koʻpaytirildi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlarida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy koʻrib chiqilib, tegishli rahbar va xodimlarga ularni tezkorlik bilan bartaraf etish hamda barcha tadbirlarning samaradorligini taʼminlash boʻyicha tezkor choralarni koʻrish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, 2022-yilda Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan tayyorlangan 20 ta yangi maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini qisqa muddatlarda tashkillashtirish masalasi koʻrib chiqildi. Barcha tadbirlarni zarur material-texnik resurslar bilan oʻz vaqtida taʼminlash hamda ularni maqsadli tashkil etish orqali burgʻilashni sifatli amalga oshirish lozimligi qayd etildi.
Tegishli rahbar va mutaxassislarga “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha 2022-yilda 35 mlrd. kub metrdan ortiq tabiiy gaz va 1,0 mln tonna suyuq uglevodorod zahiralarini oʻstirish yoʻlida barcha zarur choralarni koʻrish hamda mavjud resurslarni toʻliq safarbar etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu bilan bir qatorda, 2022-yilda amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlarining asosiy istiqbolli yoʻnalishlari aniqlab olinib bu borada ishlab chiqilgan tavsiyalarni amaliyotga tadbiq etish masalalari muhokama etildi. Bu borada Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan yana 20 ta yangi istiqbolli strukturalarni tayyorlash orqali istiqbolli maydonlar defitsitini yechish masalasi alohida koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari , 2022-2026-yillarda “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan 10 ming 200 kv.km.dan ortiq 3D seysmik ishlarni bajarish, 100 dan ortiq yangi maydonlarni burgʻilashga kiritish, 965 ming metr burgʻilash ishlarini bajarish, 310 ta quduqlarni qurilish bilan tugatish reja qilib olindi.
Ushbu tadbirlar natijasida 177,6 mlrd.kub metrdan ortiq tabiiy gaz hamda 6,5 mln. tonna suyuq uglevodorod zahiralarini oʻstirishni taʼminlash belgilandi.
Yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirish jarayonida “Oʻzbekneftgaz” AJ, Davlat geologiya qoʻmitasi, “OʻZLITINEFTGAZ”AJ, “Oʻzbekgeofizika” AJ mutaxassislari va “IGIRNIGM” DM oʻrtasida yaqin hamkorlik qilish belgilab olindi.
Oʻz navbatida, sohada faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning malakasini oshirish maqsadida, tarmoq oʻqishlarini tashkil etish, tajriba almashish amaliyotini takomillashtirish, zarur hollarda esa ushbu tadbirlarga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish lozimligi taʼkidlandi.
Sohani rivojlantirishga eng ilgʻor, zamonaviy va innovatsion yechimlarini tadbiq etish, tarmoqni raqamlashtirish hamda barcha jarayonlarni kompleks modellashtirish ishlarini jadallashtirish koʻrsatib oʻtildi.
Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Respublikaning Ustyurt, Qashqadaryo va Buxoro mintaqalarida yangi maydonlarni oʻzlashtirish, yangi zahiralarini aniqlash hamda uglevodorodlarni qazib chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirilmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati