Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 49 million dollarlik yangi investitsion loyiha amalga oshirildi

    Investitsiyalar 30 Oktabr 2020 3973

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan tashkil etilgan press-tur doirasida “Dunyo” AA muxbiri Zafar Yuldashkulov Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida amalga oshirilayotgan yangi investitsion loyihalar bilan tanishdi.

    Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi Oʻzbekistonda neft va gaz sohasida yetakchi ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi.

    Boshqarma 1980-yil tashkil etilgan boʻlib, 40 yildan ortiq vaqt davomida gaz qazib chiqarish, gaz, gaz kondensati, tabiiy gaz va gaz kondensatini tayyorlash va qayta ishlash bilan shugʻullanib kelmoqda.

    Mustaqillik yillarida Shoʻrtan NGQCHBda tabiiy gazni qazib olish va qayta ishlashga doir yuqori texnologik qurilmalarni joriy qilish yoʻnalishida tizimli ishlar amalga oshirildi.

    Ushbu ishlar doirasida payshanba kuni “Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida mavjud uchta propan-butan aralashmasini olish qurilmasini (UPPBS-3/1,2,5) modernizatsiya qilish” investitsiyaviy loyiha boʻyicha qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ishga tushirildi.

    - Qiymati 49 million dollar boʻlgan ushbu loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida barcha kuchlar safarbar qilindi va hatto karantin paytida ham qurilish ishlari toʻxtatilmadi, - deydi Shoʻrtan NGQCHB direktori Shokir Jabborov. - Mazkur loyiha mavjud propan-butan aralashmasini olish qurilmalarida yiliga qoʻshimcha 61 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi ishlab chiqarishga va buning asosida ichki bozorda ushbu mahsulotga oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan.

    Modernizatsiya ishlari doirasida Shveysariya, Rossiya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan uskuna va material-texnik resurslar amaliyotga joriy qilindi.