Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori 44 yoshida vafot etdi

    Sogʻliqni saqlash tizimida masʼul lavozimlarda ishlagan fidoyi shifokor, tashkilotchi rahbar Tohir Musoyev 44 yoshida vafot etdi.

    Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

    T. Musoyev 1979-yil 29-oktyabrda Buxoro viloyatida tugʻilgan. Buxoro davlat tibbiyot institutida bakalavr va klinik ordinaturani tamomlagan. Rossiya Xalqlar doʻstligi universitetida “Yurak-tomir xirurgiyasi” mutaxassisligi boʻyicha aspiranturada tahsil olgan.

    Mehnat faoliyatini Buxoro davlat tibbiyot institutida kafedra assistenti va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali II-xirurgiya boʻlimi vrach-ordinatori sifatida boshlagan.

    Turli yillarda Buxoro davlat tibbiyot instituti katta oʻqituvchisi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori oʻrinbosari, mazkur tibbiyot muassasasi bosh shifokori kabi lavozimlarda ishlagan.

    T. Musoyev 2020-yildan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori sifatida samarali faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.