— Shu yil 21-iyul kuni yer hisobi va davlat kadastrini toʻliq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda Prezidentimiz yer hisobi, davlat kadastrini toʻliq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish yuzasidan aniq vazifalar qoʻydi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasini isloh qilish va tubdan takomillashtirish bugungi kunning talabi. Jumladan, yil oxirigacha yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchilar haqida maʼlumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirishimiz lozim.

Geoportal ishga tushgandan keyin har bir fuqaro va tadbirkor yer ajratish jarayonini onlayn tizim orqali kuzatish imkoniga ega boʻladi. Tabiiyki, bu yerdan foydalanishda qonun buzilishlarining oldini olish, sohada ochiqlik, shaffoflikni taʼminlashga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, yer nazoratini samarali yuritib, hosildorlikni tahlil qilish, yerlarni sugʻorish holatini muntazam oʻrganish uchun zamonaviy yaxborot tizimlaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu borada sunʼiy yoʻldosh orqali maʼlumotlar olishni yoʻlga qoʻyish lozim. Shu maqsadda Janubiy Koreya va Yevropa davlatlari bilan kelishuvga erishganmiz. Yil oxiriga qadar bu tizimni ishga tushiramiz.

Shuningdek, yigʻilishda bugungi kunda 21 ta kadastrning 16 tasi toʻliq shakllanmagani, buning natijasida yerlar, yoʻllar, elektr tarmoqlari va quvurlar haqida aniq maʼlumot yoʻqligi ham aytib oʻtildi. Masalan, avtomobil yoʻllari kadastri 23 foizga, madaniy meros inshootlari kadastri 32 foizga, quvurlar kadastri 32 foizga, shaharsozlik kadastri atigi 63 foizga shakllangan. Shu bois, ishchi guruh tuzgan holda har oyda bu yoʻnalishdagi ishlarni muhokama qilib, yil oxiriga qadar shakllantirilmagan davlat kadastrlarini xatlovdan oʻtkaziladi. Albatta, sohani rivojlantirish va mukammal tizim sifatida shakllantirish boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqiladi.