Davlat xizmatchilarining ish haqi oshiriladi
Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 12%ga oshiriladi.
Quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori - oyiga 920 000 soʻm;
bazaviy hisoblash miqdori- oyiga 300 000 soʻm.
Tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi
Xususan:
tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun:
oliy va birinchi malaka toifalariga ega boʻlganlar uchun – 15%ga;
ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan va toifaga ega boʻlmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10%ga;
tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15%ga oshiriladi.
Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladigan kirish test sinovlari uchun kimlar toʻlovlarni amalga oshirmaydilar
Shunday tartib joriy etiladiki, unga muvofiq:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlovlardan ozod etiladi.
Litsenziyalashning yangi tartibi joriy etiladi
Faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxslar uchun quyidagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilangan talab va shartlari kuchga kiradi:
21.02.2022-yildagi “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 80-son;
22.02.2022-yildagi “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-son.
Xorijda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari ochiladi
Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari ochiladi.
Volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi
U Oʻzbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan va quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:
volontyorlarning ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalardagi ishtiroki, shuningdek, davlat organlari faoliyatiga koʻmaklashgan davrini qayd etib borish;
volontyorlar guruhiga kiritilgan volontyorlarni hisobga olish;
hududlar va faoliyat yoʻnalishi boʻyicha volontyorlik yordamini jalb qilishga qiziqish bildirayotgan davlat organlari roʻyxati hamda davlat organlarining volontyorlar bilan ishlashiga oid metodik tavsiyalar bilan tanishish.
Tibbiyot xodimlari emlanadi
Qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlanadi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha imtiyezlar joriy qilinadi.
“Ishga marhamat” monomarkazlarida kasb-hunarga oʻqitilayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya toʻlab beriladi.
Olimlar Oʻzbekistonning halqaro reytinglari bilan shugʻullanadi
Xalqaro reyting va indekslar biriktirilgan ilmiy tashkilotlar 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid takliflar ishlab chiqishadi.