Paxta sanoatida AKT joriy etiladi
Hududlar va klasterlar kesimida paxta xomashyosini yigʻib olish bilan bogʻliq maʼlumotlar shakllantiriladigan axborot tizimi ishga tushiriladi, 2023-yil 15-sentyabrdan boshlab esa u “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
“Yongʻindan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshiriladi
Uning doirasida:
taʼlim tashkilotlarida yongʻinlarning oldini olish va yongʻin sodir boʻlgan vaziyatda harakat qilish boʻyicha batafsil uslubiy mashgʻulotlar oʻtkaziladi;
davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yongʻin xavfsizligi boʻyicha oʻqitish tashkil etiladi, jumladan, evakuatsiya rejalari oʻt oʻchirish vositalaridan foydalanish qoidalari bilan tanishtiriladi;
aholi tarqatma materiallar bilan taʼminlanadi;
OAVda ushbu yoʻnalishdagi maqola, intervyu va koʻrsatuvlar namoyish etiladi.
Davlat organlari toʻliq elektron ish yurituviga oʻtishadi
“Raqamli hukumat” tizimi doirasida ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari toʻliq elektron hujjat aylanish tizimiga oʻtkaziladi.
Yuridik oliygoh talabalariga ishlashga ruxsat beriladi
Oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchi talaba-yuristlariga oʻqishdan boʻsh vaqtda advokat yordamchisi sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Bolalar uchun muzeylarga kirish bepul boʻladi
18 yoshgacha boʻlgan bolalarning madaniy meros obyektlariga, jumladan koʻrgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga toʻlovsiz kirish tartibi joriy etilmoqda.
Davlat ishtirokidagi korxonalar depozit uchun banklarni auksion orqali tanlashadi
Davlat ishtirokidagi korxonalarning boʻsh pul mablagʻlarini depozitga joylashtirish boʻyicha tijorat banklari oʻrtasida foiz oshib borish tarzida bank kapitali yetarliligi, bank kapitalining uning majburiyatlariga nisbati, likvidlilik koeffitsiyenti kabi shartlarni nazarda tutgan holda auksion savdolari oʻtkaziladi.
Taʼlim tizimi islohoti
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarining umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyatini tekshirish va taʼlim sifatini baholash boʻyicha vakolatlari bekor qilinadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali direktorlardan iborat boʻlgan Direktorlar kengashlari tuziladi.
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
maktablarning 1-4-sinf oʻquvchilariga boshlangʻich, 5-9-sinflarida tayanch hamda 10-11-sinf oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos boʻlgan bilimlarni berishga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari joriy etiladi;
boshlangʻich sinflarda informatika fani, oʻrta sinflarda esa oʻquvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan darslar joriy etiladi;
barcha fanlar boʻyicha amaliy mashgʻulotlar ulushi 60%ga yetkaziladi. Bunda, darslardagi mavzular aniq muammoni hal qilish orqali oʻrgatiladi, amaliyot darslari esa loyihani bajarish shaklida oʻtkaziladi.
Byudjet tashkilotlari quyosh batareyalari oʻrnatishga majbur boʻlishadi
Byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini oʻrnatish majburiyati yuklatiladi hamda 2026-yilga qadar ularning binolari energiya isteʼmolining 60 foizi “yashil energiya”ga bosqichma-bosqich oʻtkaziladi.
Haydovchilik guvohnomalari almashtirishning soʻnggi muddati kelmoqda
Xususan haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar:
2013–2015-yillarda berilgan boʻlsa – 2023-yil 30-sentyabrgacha;
2015-yildan keyin berilgan boʻlsa – 2023-yil 31-dekabrgacha almashtirilishi zarur.
Turistik sohada talablar soddalashtirilmoqda
Quyidagi talablar bekor qilinadi:
turagentlarning elektron toʻlovlar, bron qilish xizmatlarini koʻrsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega boʻlishi;
turoperatorlarning elektron toʻlovlar xizmatlarini koʻrsatadigan veb-saytga ega boʻlishi.
Oʻzboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni oʻrganish boshlanadi
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalari hokimliklar bilan birgalikda:
Respublikaning seysmik faol zonasida joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi koʻp kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yoʻlaklari, chordoq va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) oʻzboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalarni;
koʻp kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yertoʻla va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka taʼsir qiluvchi konstruksiyalarga oʻzboshimchalik bilan kiritilgan oʻzgartirishlarni aniqlab boradi.
Banklar ustav kapitalining eng kam miqdori oshirilmoqda
Bank ustav kapitalining eng kam miqdori:
2023-yil 1-sentyabrdan eʼtiboran 200 mlrd soʻmni;
2024-yil 1-apreldan eʼtiboran 350 mlrd soʻmni;
2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran 500 mlrd soʻmni tashkil etishi kerak.
Tamaki va pivo savdosi sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtirilmoqda
Tamaki mahsulotining ulgurji va chakana savdosi, pivo mahsulotining ulgurji savdosini xabardor qilish tartibida amalga oshirishga ruxsat berildi
Investitsiya majburiyatlari boʻyicha talablar soddalashtirilmoqda
Koʻchmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari va (yoki) YAIDXP orqali QR-kod qoʻyilgan holda beriladi.
Onlayn auksion savdolarida davlat mulki obyektlarini sotib olgan xaridorlar bilan shartnomalar savdo natijasi boʻyicha bayonnoma asosida “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron shaklda (shu jumladan, ERI orqali) rasmiylashtiriladi;
Har chorakda tegishli vazirlik va idoralar xodimlarining joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi.
Sudlanganlik muddati oʻtganligi haqida maʼlumot – onlayn tarzda shakllantiriladi
Sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor maʼlumotlar” yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi;
Sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanganligi haqidagi maʼlumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilinmaydi
Nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlashda nogironligi boʻlgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinadi. Tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritiladi.
IIV xodimlari muntazam malaka oshirishadi
Huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl-patrul va patrul-post xizmati boʻlinmalari xodimlari ushbu sohalarda xizmatni davom ettirishlari uchun har uch yilda IIV Malaka oshirish institutida malaka oshirishlari lozim boʻladi.
Ichki audit xizmati xodimlariga talablar kuchaytirilmoqda
Ichki audit xizmati xodimining malakasi ichki audit milliy malaka sertifikati orqali tasdiqlanadi.
Ichki audit boʻyicha milliy malaka sertifikatiga ega boʻlmagan shaxslarni Inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimi lavozimiga ishga qabul qilishga hamda ularning ushbu tizimlarda faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan xalqaro sertifikatga ega boʻlgan shaxslar mustasno.
Qishloq xoʻjaligi ilm bilan bogʻlanadi
Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik, ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, inson resurslarini rivojlantirish masalalari yangi tashkil etiladigan agroklasterlar, kooperativlar va sohadagi boshqa yirik korxonalar faoliyatini tashkil etishda litsenziya va ruxsat etish tartib-taomillari shartlaridan biri etib belgilanadi.
Ekologiya vazirligining stipendiyasi joriy etilmoqda
Oliy taʼlim muassasalarining “Ekologiya”, “Atrof-muhitni muhofaza qilish”, “Oʻrmonchilik”, “Yashil iqtisodiyot” va “Gidrometeorologiya” va boshqa talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri stipendiyasi taʼsis etiladi.
Ayrim huquqbuzarliklar boʻyicha xabar berganlik uchun – pul mukofoti
Aholi tomonidan Energetika vazirligining maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
Xususiy sektordagilar qishloq xoʻjaligi texnikalarini texnik koʻrikdan oʻtkazishlari mumkin
Xoʻjalik yuritish subyektlari – yuridik shaxslarga jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyati bilan shugʻullanish huquqi beriladi.