Shu yilning oʻzida xususiy sektorda daromad soligʻi toʻlovchilar soni 365 mingga koʻpaydi

    Kelgusi yilda marrani katta olib, yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga, eksportni 30 milliardga yetkazish, investitsiyani 42 milliarddan oshirish, 5 million aholini band qilish, 1,5 million odamni kambagʻallikdan chiqarish reja qilinmoqda.

    Shu yilning oʻzida xususiy sektorda daromad soligʻi toʻlovchilar soni 365 mingga koʻpaydi. Keyingi vazifa – ularning daromadini koʻpaytirib, munosib hayot kechirishi uchun yetarli sharoit yaratishdan iborat.

    Lekin xususiy sektordagi ishchilarning 30 foizida rasmiy oylik 1 million soʻmdan kam qilib koʻrsatilgan. Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda bu masala juda dolzarb ekani taʼkidlandi. Bu asosan toʻqimachilik, qurilish, qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida uchrayapti.

    Bu holatning sabab-omillarini bartaraf etish maqsadida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi.

    Masalan, toʻqimachilik va charm sohalarida kamida 2,5 million soʻm oylik toʻlaydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan boʻlgan tayyor mahsulot chiqaruvchi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.

    Bunday korxonalarning foyda soligʻi ham, ishchisini daromad soligʻi ham 1 foiz boʻladi. Bu imtiyozga javoban ular 50 ming ehtiyojmand odamni ishga oladi.

    Davlat boshqa tarmoqlar uchun ham bu yil tugaydigan imtiyozlarni mana shunday ijtimoiy mezon bilan uzaytirishga tayyor.